Buyuk ajdodlarimizning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish, iqtidorli o‘quvchilarning xorijdagi tengdoshlari bilan do‘stona raqobat qilish muhitini yaratish, kimyo faniga qiziqishlarini oshirish maqsadida samarali ishlar qilinmoqda.

Xususan, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan 12-16 iyun kunlari Xorazm viloyati Xiva shahrida Abu Rayhon Beruniy nomidagi Xalqaro kimyo olimpiadasi bo‘lib o‘tmoqda.

Dunyoning 15 ta mamlakati — Turkiya, Ozarbayjon, Hindiston, Vetnam, Jazoir, Braziliya, Belarus, Rossiya, Qozog‘iston, Oman amirligi, Gruziya, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Tojikiston davlatlaridan kelgan hamda O‘zbekiston vakillaridan iborat, jami 130 nafar o‘quvchi-yoshlar ishtiroki ta’minlanadi.

Ikkinchi Rennesans nomini olgan o‘rta asrlar Sharq mamlakatlari taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy shaxsiyati necha asrlarki dunyo hamjamiyatida katta qiziqish uyg‘otib kelmoqda.

973 yil qadimgi Xorazm poytaxti Kot shahrida tavallud topgan Beruniy astronomiya, kimyo, tarix, geografiya, filologiya, matematika, geodeziya, mineralogiya, farmakologiya, geologiya va boshqa ko‘plab fanlarga oid qomusiy asarlar muallifi sanaladi.

Olimning kimyo fani rivoji yo‘lida olib borgan ilmiy faoliyati ham dunyodagi ko‘plab mutaxassislar tomonidan munosib e’tirof etib kelinadi. Uning asarlari dunyoning yuzdan ortiq tillari, xususan, fransuz, italyan, nemis, ingliz, fors va turk tillariga tarjima qilingan.

Shu ma’noda o‘zbek yoshlarining dunyo ilm-fan cho‘qqilarini zabt etishi hamda xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashida Beruniy kabi buyuk allomalarning o‘rni beqiyos. 

Davlatimiz rahbarining tegishli qarori asosida tashkil etilayotgan mazkur olimpiada uchun tayyorlangan sinov topshiriqlarini shakllantirishda xalqaro olimpiada metodologiyasi talablariga alohida e’tibor berilgan.

Xalqaro olimpiadaning yuqori saviyada o‘tishi uchun hakamlar hay’ati tarkibiga mahalliy va xorijiy mamlakatlar — Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Pokiston davlatlaridan akademik, professor-o‘qituvchilar hamda tajribali mutaxassislar jalb qilindi.

15-18 yoshli o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan xalqaro kimyo olimpiadasi 2 turda tashkil etilib, so‘nggi tahlillar asosida g‘olib va sovrindor, deb topilgan o‘quvchi-yoshlar oltin, kumush, bronza medallari hamda diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.

Olimpiadaga faxriy mehmon sifatida Germaniya kimyo jamiyati a’zosi, uzoq yillar davomida Myunxen texnika universitetining Noorganik kimyo instituti direktori lavozimida faoliyat olib borgan professor Joxann Plank tashrifi belgilangan.

Olimpiada doirasida o‘quvchi-yoshlar uchun xalqaro mutaxassislar ishtirokida bir qator master-klasslar o‘tkazilmoqda. Bundan tashqari, olimpiada ishtirokchilari va mehmonlar uchun Toshkent, Urganch va Xiva shaharlarining tarixiy va madaniy ob’ektlariga sayohatlar tashkil etilib, yurtimizning madaniy va ma’rifiy merosi bilan yaqindan tanishtiriladi.

Mazkur olimpiada kimyo fani bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi uchun joriy yil 16-25 iyul kunlari Shvetsariyada o‘tkaziladigan Xalqaro kimyo olimpiadasiga navbatdagi tayyorgarlik bosqichi bo‘lib xizmat qiladi.

Xalqaro olimpiada 2023 yildan boshlab har ikki yilda bir marta o‘tkazilishi belgilangan, deya xabar beradi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Axborot xizmati.

O‘zA