Xalqaro valyuta jamg‘armasi boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyeva va Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratovning yoshlar bilan uchrashuvi tashkil etildi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan mazkur uchrashuvda xorijning nufuzli oliygohlarida tahsil olib, Markaziy bank tizimida faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislar hamda Markaziy bankning tarkibiy bo‘linmalarida amaliyot o‘tayotgan iqtidorli stipendiatlar ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida Kristalina Georgiyevadan Markaziy Osiyo mintaqasida suv tanqisligi muammosiga Xalqaro valyuta jamg‘armasining nuqtai nazari qanday ekanligi so‘raldi. – Biz global miqyosda ob-havoning keskin o‘zgarishlariga duch kelmoqdamiz, – dedi Kristalina Georgiyeva. – 2020 yil barcha qit’alarda iqlim bilan bog‘liq ofatlar kuzatilgan birinchi yil bo‘ldi. Hech qaysi qit’a bundan chetda qolmadi. Iqlim o‘zgarib borayotgan dunyoda shundoq ham tanqis bo‘lgan suv yanayam tanqislashishi oydinlashib bormoqda. Birinchi navbatda, isrofgarchilikning oldini olish uchun bu resursni to‘g‘ri narxlash kerak. Markaziy Osiyo mintaqasida suv o‘zaro bo‘lishiladi. Sog‘lom huquqiy asosga va o‘zaro kelishuvga asoslangan hamkorlik bu resurslarni joylashtirishda strategik yo‘nalish ekani uchun juda muhim. Qozog‘iston, O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston manfaatlarini ta’minlovchi, bu umumiy resursdan birgalikda foydalanish imkonini beruvchi ba’zi qo‘shma loyihalar haqida eshitganimdan xursand bo‘ldim.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasi iqtisodiyotining joriy holati va istiqbollari, mavjud muammolar hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlar yuzasidan ham fikr almashildi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA