“Yo‘q bug‘doyga yo‘q tegirmon”. Bu maqol bejizga aytilmagan. Ammo shunday kimsalar borki, uni bor qilish payiga tushadi. U o‘zida yo‘q narsani xayol qildi va soxta transport prokurori bo‘lib, odamlarni aldash yo‘liga o‘tdi. Ilgari ham bir necha marotaba nomusga tegish, o‘g‘irlik kabi jinoyatlar uchun jazo muddatini o‘tagan bo‘lsa-da, bu qilmishidan o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqarmagan ekan. U yana jinoyat ko‘chasiga kirdi. Bu safar u davlat idorasining mansabdor kishisi bo‘ldi. Ya’ni Qo‘ng‘irot tumani Transport prokurori lavozimida ishlagan Bakir ismli shaxs niqobi ostida o‘zini tanishtirib, oson boylik orttirish payiga tushdi.
Qarmoqqa ilinadigan yog‘liroq baliq izladi va uni topdi ham. O‘zining bolalikdagi tanishi Alish buning uchun eng oson o‘lja bo‘ldi. Alish “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Miskin” bekati yonilg‘i ombor xo‘jaligi Qo‘ng‘irot yonilg‘i omborxonasi mudiri bo‘lib ishlardi.
Bir kuni u Alishning telefoniga notanish raqamdan qo‘ng‘iroq qilib: –Men Bakirman, Qo‘ng‘irot tumani Transport prokurori tanimadingmi? Bugun mehmonlarim bor. Ularga ziyofat berishim kerak. Shunga 1.200.000 so‘mni plastik raqamga tashla. Sodda Alish uning buyrug‘ini rad etmaydi. Ish oson ko‘chganidan xursand bo‘lgan Bakir ana shunday rejalarni tuza boshlaydi. Alish o‘z amalidan ayrilib qolmaslik uchun Bakirning kunora qilgan qo‘ng‘iroqlariga javob berib, u so‘ragan pullarni yetkazib berish harakatiga tushdi. Bir kuni tutingan otasining avtomashinasiga yangi ballonlar olib berish uchun 2.200.000 so‘m olgan bo‘lsa, so‘ng Bakir avtomashinani ta’mirlash uchun 7.000.000 so‘m zarurligini aytadi.
Alish Bakirning bu kabi qing‘ir ishlaridan shubhaga tushadi va transport prokuraturasida Bakir ismli inson borligini aniqlash harakatiga tushadi. Haqiqatda sobiq prokuror Bakirni topib, unga bo‘lgan voqealarni so‘zlab beradi. Shundan so‘ng soxta Bakirning qilmishlarini fosh etish maqsadida tezkor tadbir o‘tkaziladi. Oqibatda Bakir o‘zining keyingi topshirig‘i bo‘yicha Alishdan so‘ragan 200 AQSH dollarini olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. Mazkur ish sudda ko‘rilib, soxta Bakir aslida Alishning bolalikdagi tanishi ekanligi aniqlanib, uning jinoyati dalillar bilan isbotini topdi. Sud hukmi bilan unga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan hamda shu kodeksning 57-moddasi qo‘llanilib, uch yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Dao‘letbay Razov,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi sudyasi.
O‘zA.