Bugun hech bir mamlakat dunyodan ajralgan holda, yakka o‘zi taraqqiyotga erisha olmaydi. So‘nggi yillarda yurtimiz jahonga ochildi. Ko‘plab davlatlar bilan keng ko‘lamli, o‘zaro teng manfaatli hamkorlik aloqalari yangi bosqichga ko‘tarildi. Bu yurtimizning har jabhada ravnaq topishiga xizmat qilmoqda.
Singapur har yili e’lon qilinadigan Iqtisodiy erkinlik indeksi bo‘yicha jahonda birinchi o‘rinda turadi. Mamlakat xorijiy sarmoyani jalb etishda ham peshqadam. Elektronika, farmatsevtika, soliq, ta’lim, sog‘liqni saqlash sohalarida ham jahonda yetakchi. Mamlakat dunyoda moliya markazi deya e’tirof etiladi. Bugun har sohada peshqadam bo‘lgan ushbu davlat ham jahonda o‘ziga xos rivojlanish yo‘lini tutayotgan davlatlar bilan keng ko‘lamda hamkorlik qilishga harakat qilmoqda.
Joriy yilning yanvar oyi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Prezident Halima Yaqubning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Singapurda bo‘ldi. Ushbu uchrashuvdan so‘ng mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik har tomonlama faollashdi. Tashrif yakuni bo‘yicha 3 milliard 800 million dollarlik investitsiyaviy loyihalar portfeli shakllantirildi. Yil boshidan o‘zaro savdo ko‘rsatkichlari bir necha barobar oshgan. Bugun Singapur mamlakatimizning yirik investoriga aylandi.
Boshqacha aytganda, manfaatli hamkorlik o‘zining yangi davrini boshladi. Yaqinda – 2023 yil 23-25 may kunlari davlatimiz rahbarining taklifiga binoan Singapur Respublikasi Prezidenti Halima Yaqub javob tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ldi.
Tashrif davomida boshqa sohalar qatori iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari batafsil ko‘rib chiqildi. O‘zaro kelishuvlar istiqbolda yuqori natijalar berishi ekspertlar, turli soha vakillari tomonidan alohida e’tirof etilmoqda.
Tashrifning ishbilrmonlik dasturi doirasida O‘zbekiston–Singapur biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Unda Singapur Respublikasi delegatsiyasi vakillari bilan suhbatlashgan edik. Ular savdo, logistika, innovatsiyalar, energetika, sog‘liqni saqlash kabi sohalardagi hamkorlik istiqbolda o‘z samarasini berishiga ishonishini ta’kidlashdi.
– Mamlakatimiz kompaniyalari uchun O‘zbekistonda biznes bilan shug‘ullanishda ko‘plab imkoniyatlarni ko‘ryapmiz, – deydi Singapur ishbilarmonlar delegatsiyasi rahbari Shahzod Nasim. – Shu o‘rinda texnologiyalar tarmog‘iga ham to‘xtalaman. Ko‘plab sohalarning rivoji texnologiyalarga bog‘liq. Bu yo‘nalishda ham mutaxassislarimiz Yurtingizga keldi. Shuningdek, “Aqlli shahar” va infratuzilma, ta’lim va ishlab chiqarish sohalari haqida gapirmoqchiman. O‘zbekiston Markaziy Osiyoning darvozasi, Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi tranzit koridor sanaladi. Bundan samarali foydalanish lozim. Prezidentingizning yanvar oyidagi Singapurga tashrifi davomida ko‘plab loyihalarga start berilgan. Ular bugun samarali amalga oshirilmoqda.
Darhaqiqat, har ikki mamlakat o‘zaro hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor. Ma’lumotlarga ko‘ra, Singapur kapitali ishtirokidagi qo‘shma korxonalar oxirgi olti-yetti yilda uch yarim barobarga ortdi. Kelgusida bu raqamlarni yanada oshirish maqsad qilinmoqda.
– Forum doirasida tegishli hamkorlik shartnomasini imzolaganimizdan mamnunmiz, – deydi “Singapore Cooperation Enterprise (SCE)” kompaniyasi rahbari Kong Vu Man. – Kelishuvlarimizda “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish masalasiga ham e’tibor qaratganmiz. Bu kompaniyamizning O‘zbekistondagi ilk tashabbusi sanaladi. Biz hukumatingiz vakillari bilan yana qaysi yo‘nalishlarda birga ishlashimiz mumkinligi haqida maslahatlashyapmiz. Oldinda katta rejalarimiz bor.
Turizm sohasida hamkorlikni kengaytirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, Singapur bozoriga meva-sabzavot yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish muhokamalar davomida ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘ldi.
– Oʻzbekistonning boy tarixi, xalqingizning anʼana va qadriyatlari bilan yaqindan tanishdik, – deydi Singapur Respublikasi mehnat vaziri – savdo va sanoat ikkinchi vaziri Leng Si Tang. – Mamlakatlarimiz oʻrtasida madaniy va sayyohlik aloqalarini rivojlantirish uchun koʻplab asoslarni koʻrdik. Bu yoʻnalishlardagi ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishda tarixiy obeʼktlar boʻylab sayyohlar almashinuvi loyihalariga eʼtibor qaratiladi. Shuningdek, mamlakatingiz qishloq xoʻjaligida, xususan, meva-sabzavot yetishtirishda oʻziga xos tajriba bor. Yetishtirilgan neʼmatlardan bahramand boʻlish boshqalarga ham yoqimli. Umuman, har ikki davlatda ham bir-biridan oʻrganadigan jihatlar koʻp.
Quvonarlisi, ilgari asosan taʼlim va savdoga yoʻnaltirilgan oʻzaro hamkorlik koʻlami bugun har tomonlama kengaydi. Bu istiqbolda oʻzining yuksak natijalarini berishiga ishonamiz.
Ikrom AVVALBOYEV,
OʻzA muxbiri