Shu yilning 9 iyul kuni mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon — muddatidan ilgari bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish ishlari qizg‘in pallaga kirdi.

Ma’lumki, Markaziy saylov komissiyasining joriy yil 5 iyundagi qarori bilan Xalq demokratik partiyasidan Ulug‘bek Ilyosovich Inoyatov, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasidan Shavkat Miromonovich Mirziyoyev, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Robaxon Anvarovna Mahmudova hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasidan Abdushukur Xudoyqulovich Hamzayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib ro‘yxatga olindi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqoti 2023 yil 7 iyundan boshlanishi ma’lum qilindi.

Saylovoldi tashviqoti qanday qoidalar asosida tashkil etiladi?

Demak, bugun, 7 iyundan muddatidan ilgari bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovi kampaniyasining eng muhim bosqichi — saylovoldi tashviqoti boshlanadi. Xo‘sh, ushbu jarayonlar qanday tartib-qoidalar asosida tashkil etilishi lozim?  

Bu borada Saylov kodeksining  44-moddasida saylovoldi tashviqotini olib borishga oid tartiblar o‘z ifodasini topgan. Unda belgilanganidek, saylovoldi tashviqoti — saylov kampaniyasi davrida amalga oshiriladigan va saylovchilarni nomzodni yoki siyosiy partiyani yoqlab ovoz berishga undashga qaratilgan faoliyat hisoblanadi.

Saylovoldi tashviqoti nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan e’tiboran boshlanishi hamda saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolganida tashviqotga yo‘l qo‘yilmasligi ham o‘z ifodasini topgan.

Saylovoldi tashviqotida nimalar mumkin emas?

Saylovoldi tashviqoti davrida mumkin bo‘lmagan, taqiqlangan holatlar ham mazkur moddada ko‘rsatib o‘tilgan. Ya’ni, tashviqotni saylovchilarga bepul yoki imtiyozli shartlarda tovarlar berish, xizmatlar ko‘rsatish (axborot xizmatlaridan tashqari), shuningdek, pul mablag‘lari to‘lash bilan qo‘shib olib borish taqiqlanadi. Noto‘g‘ri axborotni, shuningdek, nomzodlarning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan ma’lumotlarni tarqatish ham taqiqlanadi.

Bundan tashqari, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, boshqa harbiylashtirilgan bo‘linmalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, sudyalar, saylov komissiyalari a’zolari, diniy tashkilotlar professional xizmatchilarining saylovoldi tashviqotini olib borishi qat’iyan mumkin emas. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslariga o‘z mansab va xizmat mavqeidan saylovoldi tashviqoti vaqtida har qanday siyosiy partiyaning yoki nomzodning foydasiga yoxud unga qarshi foydalanishi taqiqlanadi.

Tashviqot olib borishning qanday turlari va shakllari mavjud?

Saylov kodeksining  45-moddasida saylovoldi tashviqotini olib borishda qanday usullar va shakllardan foydalanish mumkinligi ko‘rsatib o‘tilgan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning dasturi va (yoki) saylovoldi platformasi to‘g‘risidagi axborotni nomzodni yoqlab ovoz berishga da’vat etgan holda tarqatish orqali targ‘ibot-tashviqot qilish mumkin. Nomzod to‘g‘risidagi axborotni uni yoqlab ovoz berishga da’vat etgan holda tarqatish orqali ham targ‘ibot olib boriladi.

Bundan tashqari, omma oldida ochiq munozaralar, bahslar, matbuot konferensiyalari, fuqarolarning yig‘ilishlari, intervyular, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar, roliklarni joylashtirish shaklida ham tashviqot olib borilishi mumkin.

Tashviqotning eng samarali usullaridan biri bu — ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya tarmoqlari, shuningdek, Internet jahon axborot tarmog‘i orqali amalga oshirish hisoblanadi. Bu borada Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining respublika va hududiy teleradiokanallarida bepul ajratiladigan efir hajmi va vaqti, “Yangi O‘zbekiston”, “Pravda Vostoka”, “Xalq so‘zi”, “Narodnoye slovo” kabi Respublika gazetalarida hamda 24 nomdagi mahalliy gazetalarda bepul ajratiladigan nashr maydoni tasdiqlangan edi. Siyosiy partiyalar ushbu ommaviy axborot vositalarida nomzodlar uchun tenglik asosida ajratiladigan efir hajmi va nashr maydonidan unumli foydalangan holda o‘z nomzodlarining tashviqotini olib borishlari mumkin.

Bundan tashqari, yana bosma, ko‘rgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallari — plakatlar, varaqalar va boshqa materiallarni chiqarish hamda tarqatish orqali, shuningdek, saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.

Muhtarama Komilova, O‘zA