O‘zA avval xabar berganidek, Germaniya Federal hukumatining Ko‘chib kelganlar va milliy ozchilik masalasi bo‘yicha vakili, Bundestag deputati Natali Pavlik boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda bo‘lib turibdi.
Mehmonlar bugun kunning ikkinchi yarmida Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o‘tkazilgan uchrashuvda ishtirok etishdi.
Quyi palataning Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi Dilorom Fayziyeva Germaniya O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi hududidagi muhim sherigi ekani, har ikki tomon turli sohalar, jumladan, parlamentlar doirasida o‘zaro manfaatli va konstruktiv hamkorlikni davom ettirish tarafdoriligini ta’kidladi.
Muloqot chog‘ida parlamentlararo muloqotni kengaytirish tomonlarga bir-birini tushunish, o‘zaro ishonchni mustahkamlash, munosabatlarning huquqiy bazasini takomillashtirishga xizmat qilishi tasdiqlandi.
O‘zbekistonda mamlakatni siyosiy modernizatsiya qilish, parlamentarizmni rivojlantirish va qonun chiqaruvchi hokimiyat rolini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida batafsil ma’lumot berildi.
O‘z navbatida N.Pavlik ham mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘rnatilgan sheriklik va konstruktiv aloqani yuqori baholadi. Prezident rahbarligida tadbirkorlar, kichik va o‘rta biznes vakillari huquqini himoya qilish tizimini mustahkamlash, mamlakatda investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini e’tirof etdi.
Shuningdek, O‘zbekiston bilan barcha sohada, jumladan, Yevropa Ittifoqi va boshqa institutlar bilan hamkorlik asnosida manfaatli hamkorlik davom etishi, mustahkamlanishiga umid bildirdi.
Uchrashuv yakunida har ikki tomon zamonaviy dunyoda parlament diplomatiyasi roli va ahamiyati tobora ortib borayotganiga urg‘u berib, Oliy Majlis va Bundestag parlamentarlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatishga qiziqish bildirdi.
Germaniya tomonining parlament faoliyati bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish, mahalliy parlamentarizm darajasida va ijro etuvchi hokimiyat idoralari faoliyati ustidan samarali parlament nazoratini amalga oshirishda har tomonlama ko‘maklashishga tayyorligi ma’lum qilindi.
Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA