Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, “O‘zbekgidrogeologiya” DUK rahbariyati va mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Qayd etilishicha, markazlashgan ichimlik suvi ta’minotining 67 foizi yer osti suvlari hisobidan amalga oshirilmoqda. 2014 yilga nisbatan 2022 yilda yer ostidan suv olish miqdori respublika bo‘yicha 30 foizga oshgan bo‘lsa, ayrim viloyatlarda bu ko‘rsatkich juda yuqori. Respublika hududida 97 ta yer osti suv konlari aniqlangan. Aholi va qishloq xo‘jaligining barcha tarmoqlarida suvga ehtiyoj ortib borayotgani sababli yer ostidan suv olish miqdori keskin oshgan.

2022 yil 7 dekabrdagi “Yer osti suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishni tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga ko‘ra, Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasi qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishda suv tejovchi texnologiyalardan (tomchilatib, yomg‘irlatib, diskret va boshqalar) foydalanilmaganda burg‘i quduqlaridan foydalanishni taqiqlash vazifasini amalga oshiradi.

2023 yil 1 apreldan boshlab yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash uchun ruxsatnoma berishning amaldagi tartibi o‘rniga yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash faoliyatiga ruxsatnoma berish tartibi joriy etildi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA