Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 483-moddasiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

– Prezidentimizning tegishli farmoniga asosan yovvoyi holda o‘suvchi kavrak o‘simligining barcha turlarini chetga olib chiqish uchun ruxsatnomalar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan berilishi belgilandi, – dedi deputat Sherzod Rahimov. – Shundan kelib chiqib, qonun loyihasiga bir qator o‘zgarishlar kiritildi. Jumladan, qonun loyihasining nomi “O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 483-moddasiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi deb o‘zgartirildi. Qonun loyihasi bilan Yaylov xo‘jaliklarini rivojlantirish uyushmasi tizimining sub’ektlarida faoliyatni amalga oshirayotgan mavsumiy xodimlarga nisbatan vaqtinchalik soliq imtiyozlari qo‘llanilishi nazarda tutilyapti. Ushbu davr mobaynida sohadagi mavsumiy ishchilar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanadi. Bundan tashqari, soliq to‘lovchilarning ipak qurti urug‘ini va pillani yetishtirishdan, pillani qayta ishlashdan, tayyor ipak mahsulotlarini hamda ipakchilik tarmog‘i uchun yordamchi materiallarni ishlab chiqarishda aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashdan ozod etilishi ham loyihada o‘z aksini topmoqda. Qonun loyihasining qabul qilinishi soliq imtiyozlarini qo‘llash orqali pilla xomashyosi yetishtirish, sohani yanada rivojlantirish, pillakashlik korxonalarini xomashyo bilan ta’minlash, aholi bandligini ta’minlash hamda ipakchilikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA