Bugun Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning ishonchli vakillarini ro‘yxatga olish, Markaziy saylov komissiyasi huzuridagi tezkor axborot berish markazi faoliyatini tashkil etish, O‘zbekiston Respublikasining Prezident saylovida xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlardan qatnashadigan kuzatuvchilar va OAVlarini akkreditatsiyadan o‘tkazishga oid masalalar muhokama qilindi.
– Ma’lumki, Markaziy saylov komissiyasi 5 iyun kuni siyosiy partiyalardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodlarni ro‘yxatga olgan edi, – dedi MSK kotibiyati mudiri X.Mamatov. – Saylov qonunchiligi talablariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning ishonchli vakillari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olingandan so‘ng uning taqdimnomasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olinadi. Nomzodning ishonchli vakillariga Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilangan namunadagi guvohnoma beriladi. Nomzod 15 nafargacha ishonchli vakilga ega bo‘lishga haqli. Qonunchiligimizga ko‘ra, ishonchli vakillar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga nomzodga saylov kampaniyasini o‘tkazishda yordam beradi, uning saylanishi uchun tashviqot olib boradi, davlat organlari va jamoat birlashmalari, saylov komissiyalari bilan bo‘ladigan munosabatlarda nomzodning manfaatlarini ifodalaydi.
Yig‘ilishda mazkur masala muhokama qilinib, fikr-mulohazalar bildirildi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Ulug‘bek Ilyasovich Inoyatovning, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasidan Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Robaxon Anvarovna Mahmudovaning hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasidan Abdushukur Xudoyqulovich Hamzayevning ishonchli vakillari ro‘yxatga olindi.
Shuningdek, majlisda, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida Markaziy saylov komissiyasi huzurida tezkor axborot berish markazi tashkil etish yuzasidan qaror qabul qilindi va tegishli Nizom tasdiqlandi.
– “Call-center”ning asosiy vazifasi saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida fuqarolar bilan real vaqt rejimida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish, saylov komissiyalari faoliyati, saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishning barcha bosqichlari haqida to‘liq va ishonchli axborotni fuqarolarga huquqiy tushuntirish va maslahatlar berish orqali yetkazishdan iborat, – dedi MSK a’zosi G.Ismoilova. – Shuningdek, saylovchilarning ovoz berish va murojaat qilishga oid konstitutsiyaviy huquqlari so‘zsiz amalga oshirilishi uchun sharoitlar yaratish, fuqarolarning saylov qonunchiligi va saylov jarayonlaridan xabardorlik darajasini oshirishga xizmat qiladi. Markaz alohida xona va zarur jihozlar, aloqa vositalari, operatorlar bilan ta’minlanadi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasining Prezident saylovida xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiyadan o‘tkazish masalasi ham atroflicha muhokama qilindi. Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga binoan YeXHT DIIHBning 12 nafar saylovni kuzatuvchi missiyasi vakillari MSKning qarori bilan akkreditatsiyadan o‘tkazildi.
Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasiga bo‘lgan murojaatlardan kelib chiqib, 39 ta mahalliy ommaviy axborot vositasining 139 nafar vakili akkreditatsiya qilindi. Shu bugunga qadar akkreditatsiyadan o‘tkazilgan mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillarining umumiy soni 229 nafarni tashkil etmoqda.
Yig‘ilishda ko‘rib chiqilgan barcha masalalar yuzasidan Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarorlari qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, Nosir Haydarov(surat), O‘zA