Bugun Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi va Eron Islom Respublikasi o‘rtasidagi Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 15-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston tomonidan investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov, Eron tomonidan esa sanoat, konlar va savdo vaziri vazifasini bajaruvchi Said Mahdiy Niyoziy hamraislik qilgan uchrashuvda ikki mamlakat tegishli vazirlik, idoralari rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilish kun tartibi doirasida investitsiya, savdo-iqtisodiyot, transport-logistika va sanoat kooperatsiyasi sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikning bugungi holati va aloqalarni yanada rivojlantirish istiqboli muhokama qilindi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikning ijobiy dinamikasi qayd etildi. So‘nggi uch yilda o‘zaro tovar ayirboshlash miqdori ikki barobar ortgan. Bu yo‘nalishda munosabatni rivojlantirish muhimligini ta’kidlab, tomonlar kimyo sanoati mahsulotlari, asbob-uskuna, qurilish materiallari, ipak, to‘qimachilik, elektrotexnika, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa tovarlar yetkazib berishni ko‘paytirishga tayyorligini bildirdi.
Investitsiya sohasida hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha navbatdagi tadbirlar ham muhokama qilinar ekan, oxirgi besh yil ichida yurtimizda Eron kapitali ishtirokidagi korxonalar soni uch barobar ko‘payib, 420 taga yetgani qayd etildi.
Yig‘ilish chog‘ida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi yo‘nalishida hamkorlikni chuqurlashtirish, madaniy-gumanitar sohada sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar kelishib olindi.
Shuningdek, savdo ko‘rsatkichi barqaror o‘sishini ta’minlash maqsadida o‘zaro tovar ayirboshlash miqdorini yiliga bir milliard dollarga yetkazish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar dasturini imzolash, Imtiyozli savdo bitimi qabul qilishni jadallashtirish, davlatlarimiz hududida “Made in Iran” va “Made in Uzbekistan” ko‘rgazmalarini o‘tkazishga qaror qilindi. Ikki tomonlama savdodagi to‘siqlarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha ishchi guruh ham tuziladi.
O‘zbekistonda ish olib borayotgan eronlik investorlarni qo‘llab-quvvatlash, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni kengaytirish maqsadida davra suhbati ham tashkil etildi.
Anjuman yakunida erishilgan barcha kelishuvlarni aks ettirgan hamda O‘zbek – Eron hamkorligini har tomonlama chuqurlashtirishga qaratilgan Yakuniy bayonnoma imzolandi.
Behruz Xudoyberdiyev, Davron Ernazarov (surat), O‘zA