Turkiyaning qayta saylangan Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an 1 iyun kuni Yevropa siyosiy hamjamiyatining sammiti uchun Kishinyovga bormaydi. Bu haqda “Politico” nashri moldoviyalik rasmiylarga tayanib xabar berdi.
Avvalroq Erdog‘anning matbuot kotibi davlat rahbarining ilk xorijiy safari Moldovaga bo‘lishi, u yerda Yevrosammitda qatnashishi to‘g‘risida aytib o‘tgan edi.
Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, Turkiya yetakchisi 2 iyun kuni yangi Vazirlar Mahkamasi tarkibini e’lon qilishi va shu kunlar ichida uning lavozimga kirishishi marosimi o‘tkazilishi kerak.
Nashrning qayd etishicha, rasmiy Kishinyov uni g‘alaba bilan tabriklamadi. Biroq Gagauziya rahbari (avtonom viloyat) Irina Vlax unga tabrik yo‘lladi. Turkiya Moldova janubidagi bu o‘lkaga doimo katta e’tibor, iqtisodiy yordam berib keladi.
Shuningdek, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning ham Yevrosammitda qatnashishi to‘g‘risida aniq ma’lumotlar yo‘q.
O‘zA