Qonun hujjatlarida manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida tushuntirish berilgan bo‘lsada, davlat organlari va muassasalarida ularni amalga oshirish va nazorat qilishning aniq mexanizmlari belgilanmagan.

Qolaversa, sohada yagona amaliyotni shakllantiruvchi vakolatli organ mavjud emas. Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida xabar berish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmagan.

Bu fikrlar Senat yalpi majlisida “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun muhokamasi jarayonida qayd etildi.

Senat raisi T.Norboyeva jamoatchiligimizning eng ko‘p e’tiborini tortadigan va e’tirozlarini keltirib chiqaradigan holatlardan biri – bu manfaatlar to‘qnashuviga nisbatan javobgarlik, huquqiy oqibatning yo‘qligi ekanini qayd etdi. Endilikda yangi qonun bilan korrupsiyaga qarshi kurash yo‘nalishidagi qonunchilikda manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq bo‘shliqlar  yopilmoqda. Bu yo‘nalishni qonunan tartibga soluvchi aniq mexanizmlar belgilanmoqda.

– Manfaatlar to‘qnashuvining huquqiy oqibatlari belgilanmoqda, ya’ni bunday holatda qabul qilingan qarorlar va tuzilgan bitimlar sud hukmi orqali bekor qilinadi, – dedi Senat raisi. – Tabiiyki, bu  manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va shu orqali korrupsiyaga qarshi kurash jarayonini faollashtirishga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Zero, aynan manfaatlar to‘qnashuvi davlat organlaridagi korrupsiyaviy holatlarning boshlang‘ich nuqtasi hisoblanadi.

“Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun korrupsiyaviy holatlarni keltirib chiqaruvchi manfaatlar to‘qnashuvi sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.

Qonun bilan manfaatlar to‘qnashuvi tushunchasi, davlat xizmatchilarining majburiyatlari hamda uni tartibga solish bo‘yicha aniq mexanizmlar belgilandi.

Qonun bilan uning qo‘llanilish doirasi aniqlashtirilmoqda. Xususan, davlat organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlariga, davlat muassasalariga, davlat unitar korxonalariga, davlat maqsadli jamg‘armalariga, shuningdek, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlariga, ustav fondida davlat organlarining yoki boshqa tashkilotlarning ulushi jami 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi.

Davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining yaqin qarindoshlari, davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi va (yoki) uning yaqin qarindoshlari qaysi yuridik shaxsning ustav fondi aksiyalariga yoki ulushlariga egalik qilsa, o‘sha yuridik shaxs ushbu xodimga aloqador shaxs hisoblanadi.

Eng muhimi, davlat tashkiloti faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solishda vakolatli organlar belgilanadi.

Endilikda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, davlat tashkilotlarining odob-axloq komissiyalari, kadrlar bo‘linmalari va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solishni amalga oshiradigan organlar bo‘ladi.

Qonunda davlat tashkiloti xodimlariga nisbatan manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha cheklovlar, manfaatlar to‘qnashuviga oid talablarni buzganlikning huquqiy oqibatlari, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygan holda qabul qilingan va tuzilgan bitimlarni sud tartibida haqiqiy emas deb topish asoslari, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yganlik uchun javobgarlik choralari belgilanmoqda.

Qonunning amaliyotga tatbiq etilishi manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solishning aniq qonuniy mexanizmi bo‘ladi.

Senatorlar ma’qullagan qonun manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solishda davlat nazorati amalga oshirilishiga, davlat xizmatchilarining bevosita rahbarlari tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi holatlari yuzaga kelganda tegishli choralar ko‘rilishiga, davlat xizmatchilari tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldi olinishiga xizmat qiladi.

 

N.Abduraimova,  

N.Haydarov (foto), O‘zA