Mamlakatimizda ipotekani moliyalashtirishda xalqaro tajriba muhim hisoblanadi. Shu sababli, olimlarimiz tomonidan bu borada ko‘plab davlatlar tajribasini o‘rganib, ulardan ma’qul tomonlarini ushbu sohada qo‘llash uchun o‘z tavsiyalarini taqdim etib kelmoqda.
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari Jasur Jalolov ipotekani moliyalashtirish borasida Janubiy Koreya tajribasi haqida O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi.
– Ochig‘ini aytish kerakki, har bir davlat sohalar rivoji yo‘lida xorij tajribasini o‘rganadi, – dedi u. – Shu o‘rinda Janubiy Koreya tajribasi haqida so‘z yuritaylik. Xo‘sh, ipotekani moliyalashtirishda ushbu davlat tajribasi qanday va u qaysi yo‘ldan bordi?
Hammamizga ma’lumki, Koreya Republikasi deyarli barcha yo‘nalishda yaxshi natijalarga erishmoqda. Jumladan, ipotekani moliyalashtirish yo‘nalishida ham boshqa davlatlarga o‘rnak bo‘la oladigan tajribaga ega.
Janubiy Koreyada ipoteka bilan ta’minlangan qimmatli qog‘ozlar (MBS) bozorining dastlabki rivojlanish davri 1990 yillarning oxiri va 2000 yillarning boshlariga to‘g‘ri keladi. Bu jarayonda moliyaviy sektordagi islohotlarni olaylik. 1997 yilda Osiyoda ro‘y bergan moliyaviy inqirozdan so‘ng Janubiy Koreyada iqtisodiyotni barqarorlashtirish va moliyaviy tizimni yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim islohotlar amalga oshirildi. Ushbu islohotlar ipoteka bozorini rivojlantirishda yordam beradigan chora-tadbirlarni ham qamrab oldi.
1999 yilda Janubiy Koreya hukumati ipotekaga oid qonunni qabul qildi. Bu mamlakatda MBS emissiyasining huquqiy asoslarini belgilab berdi. Mazkur qonun ushbu davlatda MBS bozorining rivojlanishi uchun huquqiy asos yaratdi va 1999 yilning sentyabr oyida Koreya ipoteka korporatsiyasi tashkil etildi.
2004 yilda Janubiy Koreya hukumati ipoteka kreditlarini sekyuritizatsiya qilish va uy-joy uchun kreditlar bo‘yicha kredit kafolatlarini taqdim etish orqali uy-joyni moliyalashtirishning ishonchli va uzoq muddatli manbalarini shakllantirish maqsadida KHFC davlat muassasasini tashkil etdi. KHFC Janubiy Koreyada MBS bozorining o‘sishida muhim rol o‘ynadi. U MBSning asosiy emitenti bo‘lib xizmat qildi va ikkilamchi bozor faoliyatini qo‘llab-quvvatladi.
2004 yilda KHFC Janubiy Koreyada 545,6 milliard von (taxminan 430 million AQSH dollari) qiymatida ipoteka bilan ta’minlangan birinchi qimmatli qog‘ozlar chiqarildi. Ushbu emissiya Janubiy Koreyada MBS bozorining rivojlanishini belgilab berdi va ipoteka kreditlarini sekyuritizatsiya qilishning maqsadga muvofiqligini ko‘rsatdi. Natijada 2004 yil yakuniga qadar KHFC tomonida 17 ta moliyaviy tashkilotning ipoteka portfelidan iborat bo‘lgan 7 ta MBS paketlari bozorga chiqarildi.
Shuningdek, KHFC MBS dasturining dastlabki muvaffaqiyatidan so‘ng, Kookmin Bank, Shinhan Bank va Woori Bank kabi yirik tijorat banklari MBS bozorida qatnasha boshladi. Ushbu banklar bozorning o‘sishiga hissasini qo‘shgan holda o‘zlarining ipoteka qimmatli qog‘ozlarini chiqara boshladi.
Shu tariqa, Janubiy Koreyaning MBS bozori yillar davomida kengayib bordi. KHFC muntazam ravishda MBS chiqarishni davom ettirayapti, tijorat banklari esa bozordagi ishtirokini bosqichma-bosqich amalga oshirmoqda. Bozor ipoteka bilan ta’minlangan qimmatli qog‘ozlar (MBS) va ipoteka bilan ta’minlangan obligatsiyalarni (MBS) o‘z ichiga olgan holda rivojlanmoqda.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida ipoteka bilan ta’minlangan qimmatli qog‘ozlar bozorining hajmi 2004 yildagi 2,3 milliard AQSH dollaridan 2021 yilda 134,1 milliard AQSH dollariga yetdi.
Demak, ipoteka bilan ta’minlangan qimmatli qog‘ozlarni chiqarish orqali kapital bozoridan uzoq muddatli, belgilangan stavkali moliyalashtirish mablag‘larini jalb qilgan holda past va o‘rta daromadli uy xo‘jaliklarining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini ipoteka kreditlari ko‘rinishida qondirishda sekyuritizatsiya jarayonining muvaffaqiyatli ekanligidan dalolat beradi.
O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA
yozib oldi