Mamlakatimiz tarixida birinchi bor umumxalq muhokamasida pishitilgan, xalqimiz ishtiroki va ovozi bilan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz qabul qilindi. Shu bois ham yangi Qomusimiz haqiqiy ma’noda xalqchil hujjat sifatida amaliyotga kiritildi. Endilikda, mazkur yangilangan Asosiy qonunimizni puxta o‘rganish, yangidan-yangi normalar mohiyatini keng targ‘ib etish muhim vazifalarimizdan hisoblanadi.

Ma’lumki, shu yilning 8 may sanasida davlatimiz rahbarining “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida” farmoni qabul qilindi. Unda yangi tahrirdagi Konstitutsiyani so‘zsiz va to‘liq amalga oshirish barcha darajadagi davlat organlari va tashkilotlarining birinchi navbatdagi ustuvor vazifasi etib belgilandi.

Konstitutsiyamizda inson huquq va manfaatlari yana keng ko‘lamda mustahkamlab qo‘yildi, inson qadr-qimmati, mehnati qadrlanishi, uning haq-huquqlari hurmat qilinishi ustuvor etib belgilandi. Xususan, 54-moddada “Insonning huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadidir. Davlat inson hamda fuqaroning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta’minlaydi”, deb belgilab berildi.

Inson qadrini ulug‘lash birinchi galdagi ustuvor vazifa sifatida qaralayotgan mamlakatimizda insonning huquq va erkinliklarini ta’minlash, himoyalash davlatimizning eng oliy maqsadlaridan ekanligi konstitutsiyaviy darajada mustahkamlangani alohida e’tirofga molik.

Shu o‘rinda Bosh qomusimizda farzandlarimiz, bolalarimizning haq-huquqlariga oid mustahkamlangan normalarga e’tibor qaratsak. Avvalo, qayd etish kerakki, yurtimizda yosh avlod vakillarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtidorini, iste’dodini yuzaga chiqarishga shart-sharoit yaratish, bolalar huquq va erkinliklarini, manfaatlarini ta’minlashga ustuvor vazifa sifatida qarab kelinadi.

Har bir bola davlatimiz himoyasida ekanligi yurt rahbarining hududlarga tashriflari chog‘ida yana bir karra namoyon bo‘ladi. Ya’ni, Prezidentimiz ko‘pgina hududlarda bo‘lganida, bolalar kasalxonalari, ta’lim muassasalari, oilaviy bolalar uylari va mahallalarda bo‘lib, ertamiz egalari bo‘lgan bolalarimizga yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishadi, bolalar, yoshlar bilan dildan suhbat quradi. Mahalla va guzarlarda aholi, ayniqsa, jajji bolalar uchun sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha qator topshiriqlar beradi. Zotan, bugun farzandlarimiz sog‘lom o‘sib-ulg‘aysa, zamonaviy shart-sharoitlarda o‘qish, emin-erkin iste’dodini rivojlantirish imkoniga ega bo‘lsa, ertaga ulardan yuksak marralarni kutish mumkin.

Farzandlarimizga bo‘lgan davlat siyosati darajasidagi e’tibor va g‘amxo‘rlik yangilangan Konstitutsiyamizning qator moddalarida yanada mustahkamlandi. Jumladan, 77-moddada ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majbur ekanligi, davlat va jamiyat yetim bolalarni hamda ota-onasining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqishni, tarbiyalashni, ularning ta’lim olishini, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishini ta’minlashi belgilab qo‘yilgan.

Darhaqiqat, bugungi kunda davlatimiz ota-onasidan mahrum bo‘lgan bolalarga g‘amxo‘rlik qilish, ularning oila muhitida o‘sib-ulg‘ayishi uchun sharoitlar yaratishga ustuvor ahamiyat qaratadi. Oilaviy bolalar uylariga tarbiyaga berilgan bolalarning ijtimoiy yordam, ta’lim va sog‘lomlashtirishga bo‘lgan huquqlari himoyasi doimiy e’tiborda. Yangi tahrirdagi Bosh qomusimizda belgilangan yuqoridagi norma bilan bu boradagi sa’y-harakatlar yanada kengaytiriladi.

Bundan tashqari, yangi Konstitutsiyamizning 78-moddasida farzandlar ota-onasining nasl-nasabi va fuqarolik holatidan qat’i nazar, qonun oldida tengligi, bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyati ekanligi mustahkamlab qo‘yilgan.

Ta’kidlash joizki, davlat bola huquq va manfaatlarining himoyasini, har tomonlama rivojlanishiga sharoit yaratishni o‘z zimmasiga olar ekan, buning uchun barcha zarur choralarni ko‘radi. Yurt onalari esa o‘z farzandlari davlatning e’tibori va himoyasida ekanligidan mamnun bo‘lishadi. Shu bilan birga, onalik, otalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinishi ham Bosh qomusimizda o‘z ifodasini topgani oiladagi har bir vakilning huquqlari himoyalanganini anglatadi.

Bolalar hamda yoshlarning milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik, xalqimizning boy madaniy merosidan faxrlanish ruhida hamda Vatanga mehr-muhabbat tuyg‘ulari bilan ulg‘ayishi ham davlat va jamiyatimizning e’tiborida. Bu borada ham zarur sharoitlar yaratiladi, davlatimiz tomonidan g‘amxo‘rlik qilinadi.

Ushbu konstitutsiyaviy normalar yurtimiz farzandlariga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan darak beradi. Bolalarimizni himoya qilish, ularning haq-huquqlarini to‘la ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlar izchil va keng miqyosda davom ettirilishini anglatadi. Farzandlarimizning yuksak marralar sari ildamlashida davlati mustahkam qanot, xalqining mehri va g‘amxo‘rligi kuch bag‘ishlaydi, yangi zafarlarga chorlaydi.

Muhtarama Komilova, O‘zA