Shu kunlarda yurtimiz bo‘ylab “ID-kartani rasmiylashtirish” mavsumi boshlandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki bundan o‘n yil muqaddam shaxsni tasdiqlovchi hujjat – pasportlar ommaviy ravishda almashtirilgan, “pasport stol”larda uzundan-uzoq navbatlar hosil bo‘lgan edi.
Pasportim muddati tugagani uchun yaqinda Mirobod tumani ichki ishlar bo‘limi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga murojaat qildim. To‘g‘risi, bir kishidan keyin navbatim kelgani, ortiqcha hujjatlar talab qilinmaganidan mamnun bo‘ldim.
Ilgari “pasport stol”lar yonida qandaydir “xizmat ko‘rsatish stollari” paydo bo‘lgani, bir varaq qog‘oz to‘ldirgani uchun falon so‘m undirgani kechagidek esimda.
Eng qizig‘i, ID-kartam bir kunda tayyor bo‘ldi. ID-kartani qo‘lga olganimda ushbu sohaga oid ayrim savollar paydo bo‘ldi. Ularga javob topish uchun Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyevaga murojaat qildik.
– ID-kartani rasmiylashtirish va berish qaysi hollarda amalga oshiriladi?
– Davlatimiz rahbarining 2020 yil 22 sentyabrda “O‘zbekiston Respublikasida identifikatsiya ID-kartalarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Unda ID-karta berishga oid tartiblar belgilandi.
ID-kartani rasmiylashtirish va berish quyidagi hollarda amalga oshiriladi: ota-onalar, vasiylarning (homiylarning) ixtiyoriga ko‘ra — bola tug‘ilgandan boshlab 16 yoshga to‘lguniga qadar; fuqaro 16 yoshga to‘lganda; O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilinganda yoki O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi sifatida tan olinganda; ID-kartaning amal qilish muddati tugaganda; fuqaroning familiyasi, ismi, otasining ismi, millati, tug‘ilgan sanasi, jinsi o‘zgarganda; ID-kartaga yoki chipga kiritilgan ma’lumotlarda noaniqliklar, xatolar va texnik nuqsonlar mavjudligi aniqlanganda; ID-karta yoki chip yaroqsiz holga kelganda; ID-karta ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilganda; ID-karta yo‘qotib qo‘yilganda.
– Fuqaro ID-karta olish uchun o‘ziga qulay bo‘lgan ma’lumotlarni yig‘ish punktiga qaysi hujjatlarni taqdim etadi?
– Fuqaro ma’lumotlarni yig‘ish punktiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi: belgilangan shakldagi ariza-anketa; ilgari berilgan pasport yoki ID-karta; tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma (ID-karta birinchi marotaba rasmiylashtirilayotganda); vakolatli organning qarori (ID – karta ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilganda); davlat boji to‘langanligi haqida kvitansiya (elektron to‘lov tizimlari orqali to‘langanda kvitansiya majburiy emas).
–Fuqarolarga qanday hollarda ID-karta rasmiylashtirish rad etiladi?
– Agar fuqaro qo‘l barmoq izlari olinishidan bosh tortsa yoxud ko‘zoynakda yoki bosh kiyimda suratga tushish istagidan qaytmasa, ma’lumotlarni yig‘ish punkti fuqaroga ID-karta rasmiylashtirishni rad etadi.
– O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet davlat fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga identifikatsiya ID -kartasi berish qanday hollarda amalga oshiriladi?
– Bunday shaxslarga ID-kartasi berish quyidagi hollarda amalga oshiriladi: ularning ota-onalari, vasiylarining (homiylarining) ixtiyoriga ko‘ra – bola tug‘ilgandan boshlab 16 yoshga to‘lguniga qadar, shaxs 16 yoshga to‘lganda; shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, millati, fuqaroligi, tug‘ilgan sanasi, jinsi o‘zgarganda; ID-kartaning amal qilish muddati tugaganda; ID-kartaga yoki chipga kiritilgan ma’lumotlarda noaniqliklar, xatolar va texnik nuqsonlar mavjudligi aniqlanganda; ID – karta yoki chip yaroqsiz holga kelganda; ID – karta ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilganda; ID-karta yo‘qotib qo‘yilganda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari biometrik pasportlari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxs va chet davlat fuqarolarining yashash guvohnomalarini identifikatsiya ID-kartalariga almashtirish:
birinchi bosqichda 2021 yil 1 yanvardan 2022 yil 31 dekabrgacha ixtiyoriylik asosida 16 yoshga to‘lganda hamda qonunchilikda ko‘zda tutilgan boshqa sabablarga ko‘ra;
ikkinchi bosqichda 2023 yil 1 yanvardan 2030 yil 31 dekabrgacha majburiy tartibda amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining 2011 yilgi namunadagi biometrik pasporti 2031 yil 1 yanvardan boshlab haqiqiy emas, deb hisoblanadi.
ID-kartani rasmiylashtirishni nafaqat ichki ishlar organlari, balki davlat xizmatlari markazi orqali ham amalga oshirsa bo‘ladi.
Ko‘rinib turibdiki, ID-kartani rasmiylashtirish borasida hech qanday byurokratik to‘siqlar yoki uzoq navbat kutishdek muammolar yo‘q. Faqat belgilangan davlat bojini to‘lasangiz bas, hujjatga ega bo‘lasiz.
Norgul Abduraimova,
O‘zA