Bugun poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz“ markaziy ko‘rgazmalar majmui zalida O‘zbekiston ikkinchi xalqaro energetika forumining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Energetika vazirligi va uning tizimidagi tashkilotlar mas’ullari, mutaxassislari hamda mahalliy va xorijlik ishtirokchilar qatnashgan ushbu marosimda O‘zbekiston yoqilg‘i-energetika sanoati istiqbollari va xalqaro tajribalarni almashish ahamiyatiga asosiy urg‘u berildi.
O‘zbekiston Respublikasi hukumati, Energetika vazirligi, “O‘zbekneftgaz” AJ hamda “Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi va uning hamkori – “ICA Eurasia” tomonidan tashkil etilgan ushbu xalqaro tadbirda Avstriya, Ozarbayjon, Armaniston, Buyuk Britaniya, Vengriya, Germaniya, Daniya, Ispaniya, Italiya, Qozog‘iston, Niderlandiya, BAA, Xitoy kabi 24 davlatdan 50 nafar ma’ruzachi va 500 nafardan ortiq delegat ishtirok etmoqda.
“Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi bosh direktori Nigora Hasanovaning qayd etishicha, mazkur forum ishtirokchilar uchun zamonaviy neft-gaz va energetika sohasining dolzarb masalalari, jumladan, jahon neft-gaz sanoati, toza va barqaror energiyaga o‘tish muammolari bilan bir qatorda, davlat-xususiy sheriklik va investitsiyalarni jalb etishga yechim topishda katta muloqot maydonidir.
– Mamlakatimiz energetika va neft-gaz sohalarida islohotlar amalga oshirilmoqda. Aynan shu islohotlar ijrosiga qaratilgan ushbu xalqaro tadbir ham bu ishlarni tizimli tashkil etishda imkoniyatlar ochishga xizmat qiladi. Masalan, unda ishtirok etayotgan har bir xalqaro kompaniya, albatta, o‘ziga hamkor izlaydi. Qolaversa, keyingi yillarda elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyoj va talabning oshib borishi ushbu tizim faoliyatini yanada takomillashtirish masalasini qo‘ymoqda. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 22 avgustdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazkur ishlarni tizimli tashkil qilishda muhim ahamiyat kasb etadi, – dedi N. Hasanova.
Shuningdek, forum doirasida O‘zbekiston yoqilg‘i-energetika majmuasi istiqbollarini namoyish etish va xalqaro tajribaning istiqbolli loyihalarga integratsiyalashuvini aks ettiruvchi yalpi sessiya, B2G, G2B va B2B formatidagi ishchi uchrashuvlar ham o‘tkazilmoqda.
Forum doirasida “O‘zbekiston neft va gazi – OGU2023” xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etayotgan Rossiyaning “Nevskiy zavod” aksiyadorlik jamiyati energetika va eksport bo‘limi boshlig‘i Ilya Izmaylov bu kabi tadbirlar sohadagi yangiliklardan xabardor bo‘lishga undashini ta’kidladi.
– “Nevskiy zavod” aksiyadorlik jamiyati ko‘p yillik tajribaga ega. Rossiyadagi yetakchi energetika korxonasi hisoblangan zavod neft va gaz sanoati, metallurgiya, kimyo va energetika tarmoqlari uchun uskunalarni loyihalash, ishlab chiqarish va kompleks yetkazib berish bilan shug‘ullanadi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, biz uchun O‘zbekiston ishonchli hamkor. 1953 yil ilk bor zavodda ishlab chiqarilgan uskunalar, xususan, gaz va bug‘ turbinalari yurtingizga yetkazib berilgan. Tashkil etilgan forum va ko‘rgazmalar biz uchun har jihatdan foydali hamda ishonchli hamkorlar topishda juda qo‘l keladi, – dedi I. Izmaylov
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA