Bugun, 2023 yil 19 may kuni Markaziy saylov komissiyasining muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga bag‘ishlangan navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari ishtirok etdi.

Majlisda okrug saylov komissiyalari tuzish, saylov o‘tkazuvchi komissiyalar a’zolarining malakasini oshirish, Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazi faoliyatini tashkil etish, Markaziy saylov komissiyasining 2019 yil 25 oktyabrdagi 969-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatlari saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazishni moliyalashtirish hamda mablag‘lardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar smetasini tasdiqlashga doir masalalar ko‘rib chiqildi.

Okrug saylov komissiyalarini tuzish masalasi bo‘yicha MSK raisi o‘rinbosari B.Qo‘chqorov ma’ruza qildi:

— Saylov kodeksiga muvofiq, muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalarining tarkibi xalq deputatlari mahalliy Kengashlar sessiyalarida muhokama qilinib, Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etildi. Okrug komissiyalari a’zolari 15 nafardan 21 nafargacha bo‘lishi mumkin. Shundan kelib chiqib, 14 ta okrug komissiyalari a’zoligiga jami 266 nafar nomzod tavsiya etildi.

Yig‘ilishda Markaziy saylov komissiyasi a’zolari okrug komissiyalari a’zoligiga tavsiya etilgan nomzodlar xususida fikr-mulohazalarini bildirdilar. Kun tartibidagi masala yuzasidan qaror qabul qilindi.

Shuningdek, yig‘ilishda saylov o‘tkazuvchi komissiyalar a’zolarining malakasini oshirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Ta’kidlanganidek, okrug va uchastka saylov komissiyalari a’zolarini o‘qitish tizimini takomillashtirish, saylovchilar hamda saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining huquqiy savodxonligini oshirish Markaziy saylov komissiyasining muhim vazifalari sirasiga kiradi. Shu bois majlisda muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi komissiyalar a’zolarining malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida tegishli qaror qabul qilindi.

Mazkur konsepsiyaga muvofiq, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda saylov komissiyalari a’zolarining saylov qonunchiligi va ovoz berishda zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha nazariy bilimlari hamda amaliy ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan kaskad usulida o‘quv-amaliy mashg‘ulotlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, majlisda Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazini tashkil etish masalasi ko‘rib chiqilib, qaror qabul qilindi.

— Matbuot markazi okrug saylov komissiyalari huzurida hududiy filiallariga ega bo‘ladi hamda o‘z faoliyatini qonuniylik, ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik tamoyillari asosida amalga oshiradi, — dedi MSK a’zosi Sh.Qudratxo‘jayev. — Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq barcha jarayonlarni yoritishda ommaviy axborot vositalari vakillari bilan yaqindan hamkorlik olib boradi.

Bundan tashqari, majlisda muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uning o‘tkazishga doir xarajatlar smetasi ham tasdiqlandi.

Qayd etilganidek, mazkur smetani tasdiqlashda byudjet mablag‘larining iqtisod qilinishiga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, 2019 yilda vakillik organlari saylovida davlat byudjetidan ajratilgan umumiy mablag‘larning 19,8 foizi, 2021 yildagi prezidentlik saylovida 26 foizi va joriy yilda bo‘lib o‘tgan referendumda 13,5 foiz byudjet mablag‘lari iqtisod qilingan.

Markaziy saylov komissiyasi Saylov kodeksi talablariga rioya qilgan holda muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar smetasini 174 milliard 130 million so‘m miqdorida  ishlab chiqdi.

Qayd etish kerakki, mazkur mablag‘ avvalgi prezidentlik saylovi uchun ajratilgan mablag‘dan 41 foizga kamdir. Xarajatlar smetasiga ko‘ra, mablag‘larning deyarli 82 foizi okrug va uchastka saylov komissiyalarining faoliyatini tashkil etish uchun ajratilmoqda. Ushbu mablag‘larning 76 foizi okrug va uchastka saylov komissiyalari a’zolari mehnati uchun to‘lab beriladigan kompensatsiya to‘lovlari uchun sarflanishi rejalashtirilgan.

Muhtarama Komilova,

Nosir Haydarov (surat), O‘zA