Poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz“ markaziy ko‘rgazmalar majmuida O‘zbekiston ikkinchi xalqaro energetika forumi doirasida “O‘zbekiston neft va gazi – OGU2023” va “Energetika, energiyani tejash, atom energetikasi, muqobil energiya manbalari Power Uzbekistan 2023” xalqaro ko‘rgazmalari ochildi.
O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, “O‘zbekneftgaz” AJ hamda “Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi va uning hamkori – “ICA Eurasia” tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazmalarda 22 davlatdan 270 dan ortiq kompaniya va korxonalar qatnashmoqda.
Aytish joizki, bugungi kunda dunyo bo‘ylab energetika sanoatida katta o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Ayniqsa, sohada transformatsiya jarayonlari va “yashil” energetikani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu kabi yangiliklar esa mahalliy va xorijlik ishlab chiqaruvchilarni bir maqsadga birlashtiradi. Bunda esa sohaga doir ko‘rgazmalar eng muhim muloqot maydonini yaratib beradi.
Ko‘rgazma faoliyati bilan tanishish jarayonida tadbir tashkilotchilari va ishtirokchilar bilan suhbatlashdik. Ular uchun O‘zbekistonda an’anaviy o‘tkazilib kelinayotgan ko‘rgazmalar hamkorlar topishda va mahsulotlarining boshqa bozorlarda o‘z o‘rnini egallashida juda katta imkoniyat yaratib berishini qayd etdi.
– O‘zbekiston «yashil» iqtisodiyotni rivojlantirish jarayonida faol ishtirok etmoqda, – dedi “Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi menejeri Nodira Hayitboyeva. – Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining birinchi yalpi majlisidagi nutqida qabul qilingan strategiyaga muvofiq, muqobil manbalardan olinadigan energiya ulushini 2026 yilga qadar umumiy ishlab chiqarish hajmida 25 foizga yetkazish rejalashtirilayotgani ta’kidlandi. Shu munosabat bilan energetika sohasidagi bunday muhim tadbirlarni o‘tkazish sanoatning so‘nggi yangiliklari va rivojlanish tendensiyalarini aks ettiruvchi voqealar sifatida alohida ahamiyat kasb etmoqda. Shu sababli, O‘zbekiston ikkinchi xalqaro energetika forumining yagona formatga birlashtirilgan barcha tadbirlarning asosini bu yil o‘zining 25 yilligini nishonlayotgan «O‘zbekiston neft va gazi – OGU» xalqaro ko‘rgazmasi tashkil etdi. Ushbu ko‘rgazmaning neft-gaz, tog‘-kon va energetika tarmoqlarini rivojlantirishda alohida hissasi bor, desak o‘rinli bo‘ladi.
«O‘zbekiston neft va gazi – OGU» xalqaro ko‘rgazmasi mamlakatimizda 1997 yildan bo‘yon o‘tkazib kelinmoqda. Ushbu ko‘rgazma chorak asr davomida “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Bu yil esa dunyoda tabiiy gaz qazib olish bo‘yicha 11-o‘rinni egallab turgan mazkur tashkilot ko‘rgazmaning bosh homiysi va qator tadbirlar tashkilotchisidir.
“O‘zbekneftgaz” AJning mahalliylashtirish va kooperatsion aloqalarni kengaytirish departamenti xodimi Jamoliddin Umrzoqovning qayd etishicha, ushbu ko‘rgazmalar ishlab chiqaruvchilarni ulkan maqsadlarga undashi bilan yanada ahamiyatli. Negaki, mamlakatimiz neft-gaz sanoati bugungi kunda jadal sur’atlarda rivojlanib borayotgan va innovatsion jarayonlar keng joriy qilinayotgan iqtisodiyotning muhim tarmog‘i hisoblanadi.
– Bugungi kunda mamlakatimizda investitsiya siyosatining asosiy maqsadi iqtisodiyotning strategik tarmoqlarida innovatsion faollikka qaratilgan. Bunda tarmoqlarni modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlash ustuvor vazifalardir. Shundan kelib aytadigan bo‘lsak, bugungi davr ishlab chiqaruvchilarga zamonaviy va ilg‘or texnologiyalar talabini qo‘ymoqda. Dunyoning turli davlatlaridan kelgan ishbilarmonlar o‘zining qator yangiliklarini taqdim etayotgan ushbu namoyishda aynan shu ehtiyojni qoplash choralarini ko‘rishga keng yo‘l ochib beradi. Masalan, unda “Gazprom”, “Lukoyl”, “Socar”, “WorleyParsons”, “Honeywell”, “Indorama”, “Tatneft”, “Siemens Energy”, “Huawei” kabi nufuzli kompaniyalar qatorida 40 dan ortiq ishlab chiqaruvchilar ilk bor qatnashmoqda. Shuningdek, bugun ko‘rgazma avvalida respublika energetika sohasi xodimlari o‘rtasida “UNG YOUTH MARATHON” yoshlar marafoni o‘tkazildi. Yosh olimlar seminarida esa soha yoshlari neft va gaz sanoati bo‘yicha o‘z ilmiy ishlari natijalari bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazishdi. Albatta, ularning kelgusi ishlarida bu kabi ko‘rgazma va seminarlar muhim ahamiyat kasb etadi, –dedi J.Umrzoqov.
Ko‘rgazma ishtirokchilari orasida Kanadaning “Stream-Flo Industries Ltd” kompaniyasi ham bor. Kompaniyaning xalqaro savdo bosh menejeri Deyv Olmsted ushbu ko‘rgazmadan katta natijalar kutayotganini aytib o‘tdi.
– Kompaniyamiz 62 yildan buyon xalqaro bozorda o‘z o‘rniga ega. Maqsadimiz mijozlarimiz bilan uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish va ular duch keladigan murakkab muammolarga moslashtirilgan yechimlarni taqdim etish orqali energetika sanoatiga foyda keltirishdir. Kompaniyamiz jahon neft va gaz sanoati uchun quduq boshi klapanlari, shlyuziv klapanlar, nazorat klapanlari va sirt relef klapanlarini ishlab chiqaradi. Shuningdek, bizning bir martalik xizmatlarimiz dalaga texnik xizmat ko‘rsatish va o‘rnatish, ta’mirlash, mijozlar mulkini boshqarish kabilarni o‘z ichiga oladi. Shu kunga qadar kompaniya 50 davlatga o‘z mahsulotini yetkazib bermoqda. Mamlakatingizda o‘tkazilayotgan ushbu ko‘rgazmada birinchi marotaba qatnashyapmiz va bu namoyishdan hamkorlar topish niyatimiz bor, – dedi Deyv Olmsted.
O‘z navbatida, “Energetika, energiyani tejash, atom energetikasi, muqobil energiya manbalari Power Uzbekistan 2023” xalqaro ko‘rgazma va «Yashil energetika texnologiyalari – GETCA 2023» ixtisoslashtirilgan bo‘limi ham ishtirokchilar e’tiborini tortmoqda.
Ta’kidlash kerakki, keyingi paytda mamlakatimiz energetika tizimida keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Elektr va gaz ta’minoti ob’ektlarini zamonaviylashtirish, yangi elektr uzatish ob’ektlari qurilishi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasini rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish va davlat-xususiy sheriklik asosida loyihalarni tatbiq etish ishlari shular jumlasidandir.
– Shu bois, “Power Uzbekistan 2023” doimiy ravishda mutaxassislar, ekspertlar, biznes hamjamiyati vakillari, shuningdek, davlat tuzilmalari e’tiborini tortmoqda, – dedi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ boshqaruvi raisining o‘rinbosari Fayzulla Shoismatov. – Mazkur ko‘rgazmada “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ ham o‘z stendi bilan ishtirok etayapti. Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan jami elektr energiyasining salkam 85 foizi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ hissasiga to‘g‘ri keladi. Uning filiallari tomonidan o‘tgan 2022 yilda ishlab chiqarilgan elektr va issiqlik energiyasi hajmi 17,9 trillion so‘mni tashkil etib, reja ko‘rsatkichi 103,8 foizga bajarildi. Aksiyadorlik jamiyati aholi, ijtimoiy-iqtisodiy tarmoqlarning elektr energiyasiga bo‘lgan talabini qondirish, ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlashga qaratilgan ishlarni amalga oshirishni o‘zining ustuvor vazifalaridan deb biladi.
Ko‘rgazmalar 20 may kuni o‘z ishini yakunlaydi.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA