So‘nggi sakkiz yil sayyoramiz tarixidagi eng issiq davr bo‘ldi, Yevropa va Xitoy o‘tgan yili shu vaqtgacha ko‘rmagan jazirama yozni boshidan kechirdi. Meteorologlar bu hali boshlanishi, oldinda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq yangi kataklizmlarga guvoh bo‘lamiz, deb ogohlantirmoqda.
BMTning Jahon meteorologiya tashkiloti (JMT) chorshanba kuni o‘zining yangilangan hisobotini e’lon qildi. Hisobotda aytilishicha, 2023-2027 yillarda o‘rtacha harorat o‘tgan besh yillikdagi o‘rtacha harorat bilan taqqoslaganda yuqori bo‘ladi, 2016 yil tarixdagi eng issiq harorat, deb qayd etilgan rekord keyingi besh yillikda yangilanadi.
“Sayyoramizda harorat ko‘tarilishda davom etadi, biz ko‘nikkan odatiy iqlim tarixga aylanib boradi”, – deydi mazkur hisobot mualliflaridan biri ob-havoshunos olim Leon Xermanson.
Iqlim isishining asosiy sababi, eng avvalo, insoniyatning o‘zi hisoblanadi. U hozircha o‘z faoliyati tufayli yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf qilishga qodir emas, deya qo‘shimcha qiladi JMT bosh kotibi Petteri Taalas.
“Xulosa shuki, biz hali ham global isishni to‘xtata olmayapmiz va teskari tomonga harakat qilmoqdamiz. Inson sog‘lig‘i, atrof-muhit, arzon oziq-ovqat va suv ta’minoti bilan bog‘liq muammolar ortib boradi. Bunga tayyorlanishimiz kerak” , – deydi Taalas o‘z bashorati xususida gapirar ekan.
Qurg‘oqchiliklar, qahraton qish sovuqlari, dovullar, o‘rmon yong‘inlari va suv toshqinlari natijasida sayyoramizda qashshoqlik ortadi, majburiy ko‘chishlar va ortiqcha xarajatlar ko‘payadi. Bu, shundog‘am, koronavirus pandemiyasi, harbiy mojarolar natijasida yuzaga kelgan energetika va oziq-ovqat inqirozini yanada kuchaytiradi.