Samarqandda o‘tkazilayotgan Yevropa Tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) Boshqaruvchilar kengashining yillik anjumani doirasida O‘zsanoatqurilishbank hamda YeTTB o‘rtasida hajmi 25 mln. dollarga teng kelishuv imzolandi.

Joriy yilning 16 may kuni Samarqand shahrida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruv kengashining 32 yillik yig‘ilishi o‘z ishini boshlandi.

“Muvofiqlikka sarmoya kiritish” (Investing in Resilience) mavzuida tashkil qilingan tadbirda 2 000 dan ortiq yuqori martabali davlat amaldorlari, bank-moliya muassasalari rahbarlari hamda jahon ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.

Anjuman maqsadi YeTTB yillik faoliyatini sarhisob qilib, istiqboldagi rejalarni belgilashga qaratilgan. Shuningdek, tadbir doirasida O‘zbekistonning investitsiyaviy istiqbollariga xizmat qiluvchi turli uchrashuv va biznes-forumlar o‘tkazilmoqda, hamkorlik hujjatlari bitilmoqda.

Xususan, O‘zsanoatqurilishbank hamda YeTTB o‘rtasida 25 mln. dollarlik kredit kelishuv imzolandi. Shartnomaga ko‘ra, o‘zlashtiriladigan kredit liniyalar O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznes sohasidagi loyihalarga yo‘naltirilishi, shu bilan birga, mablag‘larning bir qismi “yashil” loyihalarni moliyalashtirishga jalb qilinishi ko‘zda tutilgan.

Mazkur kelishuv banklar o‘rtasidagi faol hamkorlikning mantiqiy davomi bo‘ldi. So‘nggi yillarda ular o‘rtasida umumiy qiymati 300 mln. dollardan ziyod 8 ta kelishuv imzolangan bo‘lib, ular orqali savdoni moliyalashtirish, kichik va o‘rta biznes sohasi hamda “yashil” tashabbuslar yo‘nalishida 400 dan ortiq loyihalar amalga oshirildi.

Shuningdek, bugungi kunda tomonlar “Yashil iqtisodiyotni moliyalashtirish” va “Tavakkalchilikni taqsimlash” mexanizmlari bo‘yicha ham samarali ish olib bormoqda.

Bu, o‘z navbatida, O‘zsanoatqurilishbank tomonidan kichik korxonalar uchun ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘lamini kengaytirishga, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, shuningdek, ishlab chiqarish hamda xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi korxonalarni moliyalashtirishda keng imkoniyatlar eshigini ochadi.

Bundan tashqari, YeTTB Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan birgalikda Bank tizimida transformatsiya jarayonlarini amalga oshirish hamda uni xususiylashtirishga tayyorlashda ham har tomonlama yordam bermoqda.

O‘zA