bugungi kunda respublikamizda 700 dan ortiq yuridik shaxs yengil avtomobillarni ijaraga yoki lizingga beruvchi sub’ekt sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan. 2021 yilda ushbu sub’ektlar tomonidan jami qiymati 1 trillion so‘mdan ortiq bo‘lgan 2 mingdan ortiq bitim tuzilgan. Tahlillar natijasi avtomobillarni ijaraga yoki lizingga berishda firibgarlik jinoyatlarini sodir etish holatlari soni ortganligini ko‘rsatmoqda.

Xususan, Oliy sud ma’lumotlariga ko‘ra, avtomobillarni ijaraga yoki lizingga berishdagi firibgarlik jinoyati bo‘yicha 2020 yilda 10 ta shaxsga nisbatan ayblov hukmi chiqarilgan bo‘lsa, 2021 yilga kelib ushbu ko‘rsatkich 2 baravar ortib, 22 tani tashkil etgan. Mazkur jinoyatlar natijasida fuqarolarga yetkazilgan zarar 2020 yilda 8,2 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilda ushbu ko‘rsatkich qariyb 9 baravar ortib, 69,3 milliard so‘mga yetgan. Xuddi shu kabi jinoyat natijasida jabr ko‘rganlar soni 16 baravarga ortib, 16 ming 805 tani tashkil etgan.

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimov aytib o‘tdi. Majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ijara va lizing munosabatlarini tartibga solishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

— Tahlillar jismoniy va yuridik shaxslarning o‘rtasidagi ijara va lizing munosabatlarida qonunbuzilish holatlarining soni tobora ortib borayotgani hamda qonunchilik hujjatlariga ushbu holatlarning oldini olish bo‘yicha ta’sirchan chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish zaruratini ko‘rsatmoqda, — dedi vazir o‘rinbosari. — Shu maqsadda ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasida keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga berish shartnomasining aniq ta’rifi va uning xususiyatlari, ushbu shartnomaviy munosabatlarda shartnoma ob’ektini tasarruf etish, garovga qo‘yish va undiruvga qaratishga doir qoidalar nazarda tutilyapti. Shuningdek, undiruvni keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga berish va lizing shartnomasi ob’ektiga qaratishning o‘ziga xos jihatlari belgilanmoqda. Keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga berish shartnomasi yoki lizing shartnomasi tuzilganidan keyin shartnoma ob’ektini tasarruf etish bilan bog‘liq shartnomalar tuzish taqiqlanmoqda.

Muhokamalarda so‘z olgan deputatlar qonun loyihasining qabul qilinishi ijara va lizing munosabatlaridagi qonunbuzilish holatlarining oldini olishga, huquqiy bo‘shliqlarni to‘ldirishga, shuningdek, ushbu sohada jismoniy va yuridik shaxslarning mulkiy huquqlari kafolatini ta’minlashga xizmat qilishini alohida ta’kidladi. Ayrim aniqlashtiruvchi savollar bilan murojaat qildi.

Majlisda savol-javob va muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi qabul qilindi.

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA