Xitoy bilan Ekvador ikki mamlakat o‘rtasida erkin savdo hududi to‘g‘risida bitim imzoladi. Hujjatni payshanba kuni XXR savdo vaziri Van Ventao va Ekvador tashqi savdo, ishlab chiqarish va baliqchilik vaziri Xulio Xose Prado imzolagan.

Xitoy iqtisodiyot vazirligining yozishicha, rasmiy kelishuvga onlayn-formatda erishilgan. Keyingi bosqichda Xitoy va Ekvador hukumatlari ushbu hujjatni imkon qadar qisqa muddatda ratifikatsiyalashtirishga harakat qiladi, deyiladi xabarda.

Ikki davlat o‘rtasida erkin savdo bitimiga erishish uchun muzokaralar 2022 yil fevralda boshlangan edi. 12 oydan keyin esa tomonlar maslahatlashuv nihoyasiga yetkazilganini e’lon qildi.

Xabarda ta’kidlanishicha, mazkur bitim XXR bilan Ekvadorning iqtisodiy hamkorligini yangi bosqichga ko‘taradi.