12-14 may kunlari Toshkent shahridagi “NEXT MALL SKM” xiyobonida ikkinchi “Qahva va choy-2022» festivali bo‘lib o‘tadi.

Tashkiliy qo‘mita xabariga ko‘ra, festival mehmonlari qahva, salqin ichimliklar, kakao, smuzi va boshqa mualliflik ichimliklarini tatib ko‘rishi mumkin bo‘ladi.

“Tea&Coffee Expo” ko‘rgazmasida O‘zbekistonning eng yaxshi qahva qovuruvchilaridan qahva donalarini xarid qilsa bo‘ladi. Festival sohaning barcha yangiliklarini taqdim etib, qahva va choy damlash uchun aksessuarlarni ham namoyish etadi. Bundan tashqari asal, murabbolar va hunarmandchilik asarlari ko‘rgazma-yarmarkalari tashkil qilinadi.

Yangi ish boshlagan tadbirkorlar esa o‘z qahvaxonasi uchun franshiza xarid qilishi mumkin.

Dasturdan seminarlar, ma’ruzalar, mahorat darslari va degustatsiyalar, barista kasbi to‘g‘risida davra suhbati va boshqa ko‘plab tadbirlar o‘rin olgan.

Festivalning asosiy maqsadi O‘zbekistonda qahva va choy iste’mol qilish madaniyatini rivojlantirish, sog‘lom hayot tarzini targ‘ib qilishdir.

Festival doirasida baristalar va barmenlar o‘rtasida chempionat o‘tkazish rejalashtirilgan. G‘alaba qozongan barista Italiyada bo‘lib o‘tadigan chempionatga yo‘llanma oladi.

Festival doirasida O‘zbekiston yoga federatsiyasi tomonidan ochiq yoga mashg‘ulotlari va mahorat darslar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

 

O‘zA