“Oltin qalam” Milliy mukofoti g‘oliblari shu mezonlar asosida saralanadi

Ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi kabi yangi modda va normalar mustahkamlangan yangi Konstitutsiyamiz joriy yil 1 maydan kuchga kirdi. Asosiy qonunimiz bilan bog‘liq bu islohotlar yurtimizning har jihatdan taraqqiy etishiga, jumladan, jurnalistikamiz, milliy media sohasi rivojlanishiga ham huquqiy asos yaratadi.

Mamlakatimizda matbuot va so‘z erkinligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida ommaviy axborot vositalari xodimlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda.

Jurnalistlarda ijodiy faoliyatga yangicha yondashuvlarni shakllantirish va rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazib kelinayotgan tanlovlar ko‘p. “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovni ular ichida eng nufuzli va e’tiborlisi, desak yanglishmaymiz. Shu o‘rinda uning faoliyati tarixiga bir nazar tashlab o‘tish joiz.

Mazkur tanlov 2006 yili O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi tomonidan ta’sis etilgan. “Oltin qalam” I xalqaro tanlovida yuz nafardan ko‘proq jurnalist qatnashgan. O‘sha yili uch asosiy nominatsiya — televideniye, radio va bosma nashrlar bo‘yicha (har bir asosiy nominatsiya bo‘yicha hozirgidek uch emas, bir nafardan g‘olib bo‘lgan) o‘tkazilgan tanlovda “O‘zbekiston” teleradiokanali “Yuksalish” studiyasi katta muharriri Norqobil Jalilov (“Yaxshilik” ko‘rsatuvlar turkumi uchun), “O‘zbekiston” teleradiokanali bo‘lim mudiri Sharofiddin To‘laganov (xalqaro mavzudagi eshittirishlar turkumi uchun), “Turkiston-press” nodavlat axborot agentligi siyosiy sharhlovchisi Ibrohim Normatov (dolzarb mavzudagi tahliliy maqolalar turkumi uchun) “Oltin qalam”ning ilk g‘oliblariga aylangan.

Tanlovning o‘nta rag‘batlantiruvchi nominatsiyasi bo‘yicha esa Abdumutal Abdullayev, Chori Latipov, Hamid Qahramonov, Ildar Mudarisov, G‘ulom Mirzayev, San’at Mahmudova, Hakimjon Rahmonov, Mahmudjon Eshonqulov, Ahmad Al Zubaydi hamda “TV Markaz” jamoasi mukofotlangan.

Bosh milliy mukofot 2007 yil joriy etilgan va asosiy nominatsiyalar qatoriga internet-jurnalistika yo‘nalishi ham qo‘shilgan. Har bir yo‘nalish bo‘yicha 1, 2 va 3-o‘rinlar joriy etilgan. Tanlov yillar davomida takomillashib bordi. Zamon talabidan kelib chiqqan holda, taklif va tavsiyalar asosida uning nizomiga o‘zgartirishlar kiritildi. 2021 yildan boshlab esa “Chet ellik jurnalistning O‘zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun” rag‘batlantiruvchi nominatsiyasi asosiy mukofotlar qatoriga qo‘shilgan.

“Oltin qalam” tashkil etilgan dastlabki yillarda uning g‘olib va sovrindorlariga beriladigan mukofot — pul va sovg‘alar homiylar hisobidan qoplangan bo‘lsa, 2009 yildan 2018 yilgacha tanlovni Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha parlament komissiyasi moliyalashtirgan. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 9 avgustdagi “O‘zbekiston ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori tanlovni moliyalashtirish bilan bog‘liq muammolarni ham bartaraf etish imkonini berdi.

Respublikamiz ommaviy axborot vositalari hamda ularda faoliyat olib borayotgan jurnalistlar uchun yanada keng imtiyoz va imkoniyatlar yaratgan Prezidentimizning 2022 yil 27 iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida 2023 yildan boshlab tanlov rag‘batlantiruvchi nominatsiyalari 5 tadan 12 taga ko‘paytirildi.

Bosh milliy mukofot sohibiga yengil avtomobil berilishi belgilandi. Keyingi yillarda 1-o‘rin sohiblariga O‘zbekistonda belgilangan bazaviy hisoblashning 160, 2-o‘ringa 140, 3-o‘ringa 120 barobari miqdorida pul mukofoti berilgan bo‘lsa, joriy yildan 1-o‘ringa 200, 2-o‘ringa 175, 3-o‘ringa 150 barobari miqdorida pul mukofoti ajratiladigan bo‘ldi. Shuningdek, rag‘batlantiruvchi nominatsiya g‘oliblariga beriladigan pul miqdori bazaviy hisoblashning 50 barobaridan 100 barobariga oshirildi.

2022 yili tanlov mukofot jamg‘armasi 769 million 500 ming so‘m etib belgilangan bo‘lsa, joriy yilda qariyb 1,5 milliard so‘mni tashkil etmoqda. Joriy yildan tanlovning yangi nizom asosida yangicha formatda o‘tkazilayotgani unga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirdi.

Bu yil tanlovda ayni kungacha 526 nafar jurnalist, jumladan, 28 ta OAV jamoasi ishtirok etmoqda. Ijodiy ishlar 2023 yil 13 may 15:00 gacha qabul qilinishini nazarda tutsak, tanlov ishtirokchilari soni rekordi yangilanishi oydinlashadi.

Ta’kidlash joiz, shu paytgacha “Oltin qalam”da publitsistik janrda kitob yozgan jurnalistlar, tele va radio boshlovchilar ishtirok etmagan. Endilikda tanlovga “Publitsistik janrdagi eng yaxshi kitob uchun”, “Xalq e’tirofiga sazovor bo‘lgan tele va radio boshlovchi” kabi yangi nominatsiyalar kiritilishi jurnalistikaning barcha yo‘nalishida ijod qilayotgan OAV vakillarini qamrab olishga imkon beradi.

Tanlov nizomi taklif va tavsiyalar asosida butunlay yangidan ishlab chiqilgan. Unda hakamlar hay’ati a’zolari g‘oliblarni aniqlashda ishtirokchilar materiallarini qancha odam o‘qigani, eshitgani va tomosha qilgani hamda ijodiy ishlarga aholi vakillari, soha yetakchilari va mutaxassislar qanday munosabat bildirganiga ham alohida e’tibor qaratishi belgilangan.

Shuningdek, ijodiy ishlari tanlovga taqdim etilmagan OAV vakillarining jamoatchilik e’tiboriga tushgan, qizg‘in muhokamalar va alohida e’tirofga sazovor bo‘lgan materiallari ham ko‘rib chiqilishi mumkin. Tanlov nizomidagi “Mukofot bir shaxs va bir jamoaga takroran berilmaydi” so‘zlari olib tashlandi.

Yana bir yangilik: bu yil “Oltin qalam” tanlovi g‘oliblariga beriladigan statuetka ham yangilandi. Sink materialidan ishlangan statuetkalarimiz Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida tayyorlangan.

Taqdirlash marosimi bu yil “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida tashkil etilmoqda.

Joriy yilda ham “Oltin qalam”ning o‘tkazilishi haqida mahalliy OAV, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi hamda “Dunyo” axborot agentligi veb-sayti va telegram kanali, O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlardagi vakolatxonalari orqali chet davlatlardagi OAVda o‘zbek, rus, ingliz, nemis, xitoy, fransuz, ispan, arab, tojik, qozoq va boshqa tillarda ham targ‘ibot materiallari e’lon qilindi.

Amalga oshirilayotgan bu kabi ishlar natijasida “Chet ellik jurnalistning O‘zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun” nominatsiyasi bo‘yicha ishtirok etuvchi xorijlik jurnalistlar safi ko‘payib boryapti.

Chet ellik jurnalistlarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, madaniyat, turizm va boshqa sohalarni yoritishga intilish kuchli bo‘lgani uchun ularning mamlakatimiz haqidagi ijodiy ishlari soni yildan-yilga ortmoqda.

“Oltin qalam” XVII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovda 25 davlatdan 50 dan ziyod jurnalist qatnashayotgani, ular orasida Yevropa va Osiyo qit’asidan shu soha vakillari borligi ham buni tasdiqlaydi.

Tanlovning har bir nominatsiyasi g‘olibligi uchun raqobat katta, munosiblar ko‘p, ammo o‘rinlar cheklangan. Lekin “Oltin qalam”da ishtirok etayotgan har bir jurnalist yoki ijodiy jamoa g‘oliblikdan umid qiladi.

Shu ma’noda, ijtimoiy tarmoqlarda “g‘oliblikka u munosib, bu loyiq” tarzida fikr-mulohazalar berilayotgani ham tabiiy hol. Ya’ni bunday jarayon doim bo‘lib kelgan. Shu o‘rinda tegishli izoh bildirib o‘tish o‘rinli.

Jurnalist taniqli, iste’dodli, qalami o‘tkir bo‘lishi mumkin. Lekin bu uning ayni yil “Oltin qalam”da g‘olib yoki sovrindor bo‘lishi shartligini anglatmaydi. Ya’ni u bir necha yillar avval o‘z ijodiy ishlarini matbuot orqali e’lon qilgan va e’tirof etilib, nom qozongan bo‘lishi mumkin. Bundan barchamiz mamnun, albatta. Umuman, har bir jurnalistning sermahsul ijod qilgan yillari bo‘ladi. Ayni paytda “Oltin qalam” nizomiga ko‘ra, tanlovda ishtirokchi jurnalistning faqat 2022 yil 31 martidan 2023 yil 31 martigacha (so‘nggi bir yil oralig‘ida) OAVda e’lon qilingan materiallari ko‘rib chiqiladi.

Ayni kunlarda “Oltin qalam” tanlovi ishtirokchilarining ijodiy ishlarini soha bo‘yicha katta tajriba va bilimga ega, adolatli ustozlardan tarkib topgan nufuzli hakamlar hay’ati a’zolari ko‘rib chiqmoqda. Zero, bu boradagi barcha sa’y-harakatlar mazkur tanlov xolis, shaffof va haqqoniy o‘tishi ta’minlanishiga qaratilgan.

 

Xolmurod SALIMOV,  

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.v.b,  

“Oltin qalam” Milliy mukofoti tashkiliy

qo‘mitasi raisi