Xitoy Mudofaa vaziri Li Shanfu Pekinda Pokiston Harbiy-dengiz kuchlari qo‘mondoni admiral Muhammad Amjad Xоn Niyoziy bilan uchrashuvda Pokiston bilan strategik aloqalarni mustahkamlashga tayyorligini bildirdi. Bu haqda Xitoy Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

“Biz Xitoy va Pokiston rahbarlari o‘rtasida erishilgan muhim konsensusga muvofiq yuqori darajadagi yaqin aloqalar va strategik hamkorlikka tayyormiz”, deyiladi bayonotda.

Unda Xitoy – Pokiston armiyalararo hamkorligi “davlatlar o‘rtasida davom etayotgan ikki tomonlama munosabatlarning muhim qismi” ekanligi ta’kidlanadi.

Li Shanfu Xitoy va Pokiston Qurolli kuchlari qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish, texnologik hamkorlikni rivojlantirish ishida, shuningdek, terrorizmga qarshi kurashda sezilarli natijalarga erishilganini qayd etdi.

“Ikki davlat armiyalari hamkorlikni yangi yo‘nalishlarda kengaytirishni, birgalikda yangi yorqin muvaffaqiyatlarga erishish, turli xil xavf-xatarlarga javob berish uchun muntazam malakalarini oshirib borishlari kerak”, deb qo‘shimcha qildi Xitoy vaziri.

O‘zA