O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ilhom Norqulov Singapur delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda vazirlikning Jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi ma’lum qildi.

Unda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish, tadbirkorlar uchun yagona onlayn portal yaratish, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish, hududlar master rejalarini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq qilish bo‘yicha hamkorlik loyihalari haqida so‘z bordi. Shuningdek, delegatsiya e’tiboriga O‘zbekiston Respublikasida 2030 yilgacha kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish strategiyasi loyihasi taqdim etildi.

Tomonlar tadbirkorlar uchun yagona onlayn portal yaratishda Singapurning ilg‘or tajribasini, xususan, gobusiness.gov.sg portalini ishga tushirish va tegishli biznes jarayonlarni optimallashtirish bilan bog‘liq bilimlarni o‘rganish borasida hamkorlik qilishga kelishib oldi.

Uchrashuvda “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha ham samarali takliflar haqida so‘z borar ekan, unda suv va energiya samaradorligini oshirish, ekstremal iqlim sharoitlarini boshqarishda ham hamkorlik yuzasidan fikr almashildi. Singapurning “yashil” byudjetlashtirish tamoyillari,  uglerod solig‘i narxini belgilash  kabi masalalar bo‘yicha ham tajriba almashish asosiy mavzulardan biri bo‘ldi.

Uchrashuv yakunida Singapur yetakchi kompaniyalarining O‘zbekistonda hududlar master rejalarini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq qilish bo‘yicha pilot loyihalarda ishtiroki yuzasidan hamkorlik istiqbollari belgilab olindi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA