Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan ushlangan transport vositalarini to‘xtash joylariga olib kelish, joylashtirish va saqlash faoliyati bilan bog‘liq muammolarni o‘rganish maqsadida jarima maydonchalari faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari o‘rganildi.

Ularning amaliyotdagi ijrosi yuzasidan Ichki ishlar vazirligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar tahlil qilindi. Shuningdek, sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi Andijon, Farg‘ona va Samarqand viloyatlari misolida joyiga chiqqan holda o‘rganilib, transport vositalari egalari bilan suhbatlar o‘tkazildi.

O‘rganishlar davomida hududlarda qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini to‘xtash joylariga olib kelish, joylashtirish va saqlash bilan bog‘liq qator muammolar mavjudligi aniqlandi. Shu jihatdan nazorat tahlil tadbirlari davomida fuqarolar, xususan, haydovchilarning transport vositalarini saqlash xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq e’tirozlari va takliflariga alohida e’tibor qaratildi. Ma’lum bo‘lishicha, aksariyat jarima maydonchalarida ushlangan transport vositalarini saqlaganlik uchun plastik kartochkalardan to‘lovlarni qabul qiladigan hisob-kitob terminali hamda fiskal xotiraga ega bo‘lgan nazorat-kassa mashinasi mavjud emas. Borlarida ham ulardan deyarli foydalanilmasdan kelinmoqda.

Shu bilan birga, jarima maydonchalarida ushlangan transport vositalarini saqlash bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar uchun turli miqdordagi to‘lovlar undirilmoqda. Ushbu to‘lovlarning aniq miqdorlari belgilanmagan. Bu masalalar Andijon, Farg‘ona va Samarqand viloyatlaridagi o‘rganishlarda ma’lum bo‘ldi.

Shundan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi taklifi bilan joriy yil 15 mart kuni “Qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini to‘xtash joylariga olib kelish, joylashtirish va saqlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi masala yuzasidan Bosh vazir o‘rinbosari A.Ramatovga Qonunchilik palatasining parlament so‘rovi yuborilgan edi.

Ushbu parlament so‘rovida yuqoridagi viloyatlar misolida o‘rganish natijalari asosida aniqlangan bir qator muammolar ko‘tarilgan va ularning yechimi yuzasidan Bosh vazir o‘rinbosaridan asoslantirilgan tushuntirish berilishi so‘ralgan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bugun bo‘lib o‘tgan majlisida deputatlar ushbu parlament so‘roviga Bosh vazir o‘rinbosarining javobini atroflicha ko‘rib chiqdilar.

Parlament so‘roviga kelgan javobda mamlakatimizda haqiqatan ham jarima maydonchalarining faoliyatiga doir tizimli muammolar borligi, ularni o‘rganish yuzasidan vazirlik va idoralar mas’ullaridan iborat Ishchi guruhi tasdiqlangani keltirilgan. Ishchi guruh tomonidan mamlakatda mavjud jami 295 ta jarima maydonchalari holati o‘rganilgan bo‘lib, tahlillar davomida jarima maydonchalarining loaqal bittasi ham Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 25 maydagi tegishli qarori bilan belgilangan talablarga javob bermasligi aniqlandi.

Shu sababli ko‘p yillar davomida nazoratsiz qoldirilgan shu tizimni yangicha tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan qaror loyihasi ishlab chiqildi. Ushbu hujjat loyihasida “Jarima maydonchasi” axborot tizimini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish, jarima maydonchalariga kirib-chiqayotgan transport vositalarining ro‘yxatini elektron tarzda yuritish, jarima maydonchalari bo‘yicha xizmatni ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar tanlovini o‘tkazishda inson omilini kamaytirish va shu kabilar nazarda tutilishi taklif etilgan.

Parlament so‘roviga kelgan javobda keltirilganidek, qaror loyihasini bir oy muddatda tayyorlab, tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishgan holda Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda kiritish bo‘yicha Transport vazirligi hamda Ichki ishlar vazirligiga topshiriq berilgan. Shu bilan birga, o‘rganishlar natijasida qonyn hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini saqlash joylarida aniqlangan kamchiliklar hamda mavjud muammolarni qisqa muddatlarda bartaraf qilish bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga tegishli topshiriqlar berilgani bayon etilgan.

Majlisda deputatlar kun tartibidagi masala yuzasidan bir qator takliflar berdi. Muhokamalardan so‘ng parlament so‘roviga yuborilgan javob ma’lumot uchun qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA