O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligida Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda vazirning birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati rahbari Mattias Klingenberg va manfaatdor tashkilotlarning mas’ul vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda “O‘zbekiston kasb-hunar ta’limi tizimini isloh qilish va modernizatsiya jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida hamkorlik qilish bo‘yicha memorandum imzolandi.
Ushbu memorandumga muvofiq, yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha birgalikda ilmiy-tadqiqotlar olib borish rejalashtirilgan. Shuningdek, bu borada xorij tajribasini o‘rganish va o‘quv tadbirlarini tashkillashtirish ham ko‘zda tutilgan. Tomonlar hamkorlikda axborot texnologiyalari sohasida ish olib borishga kelishib oldilar.
2021-2025 yillarda O‘zbekiston kasb-hunar ta’limi tizimini isloh qilish va modernizatsiya jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash loyihasi Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot Federal vazirligi tomonidan moliyalashtirilmoqda.
N.Usmonova, O‘zA