Mamlakatimiz rahbarining joriy yil 2-3 may kunlari Germaniya Federativ Respublikasiga tashrifi davomida ko‘pgina sohalar qatori energetika tizimi bo‘yicha ham qator manfaatli kelishuvlarga erishildi.
Germaniya-O‘zbekiston biznes forumi doirasida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ va “Siemens Energy” o‘rtasida Buxoro shahar 3-sonli issiqlik ta’minoti qozonxonasida va Muborak IEM korxonasida energosamarador gaz turbinasi o‘rnatish bo‘yicha ikkita loyiha doirasida 72 million yevro miqdorida imzolangan shartnoma ulardan biridir.
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, yurtimizda kogeneratsiya texnologiyalarini joriy etish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlarning uzviy davomi sifatida baholanayotgan mazkur loyihaga ko‘ra, Buxoro shahrining 3-sonli issiqlik ta’minoti qozonxonasida va Muborak IEM korxonasida har birining quvvati 54 MVtga teng bo‘lgan ikkitadan, jami 4 ta gaz turbina o‘rnatiladi.
– Mazkur loyihalarning ishga tushirilishi mamlakatimizda ishlab chiqariladigan elektr energiyasining umumiy quvvatini 216 MVtga oshiradi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bu yiliga 1,7 million kilovatt soat elektr energiyasi va 1,5 million Gkal issiqlik energiyasini ishlab chiqarish imkonini beradi. Shuningdek, 80 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Loyihalarni amalga oshirish davrida, respublikamizning ming nafar malakali mutaxassislarini ish bilan ta’minlash imkoniyati paydo bo‘ladi. Bugun oldimizda turgan asosiy vazifalardan biri sohaga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etishdan iborat. Bugun imzolaganimiz kabi shartnomalar albatta tizimni davlatimiz rahbari talabi asosida modernizatsiya qilishga keng imkon beradi,- dedi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ boshqaruvi raisi v.b. Bahodir Jo‘rayev.
Nasiba Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA