O‘zbekiston kriket federatsiyasi mamlakatimizda ushbu sport turini keng rivojlantirish uchun xalqaro hamkorlik masalalariga ham alohida e’tibor qaratmoqda.

Xususan, ayni paytda O‘zbekiston kriket federatsiyasi raisi Aziz Mixliyev xizmat safari bilan Hindiston davlatida bo‘lib turibdi. Tashrif doirasida Laknau shahrida Hindiston kriket boshqaruvi kengashi (BCCI) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Hindiston kriket boshqaruvi kengashi bilan O‘zbekistonda kriketni rivojlantirish yo‘lida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.

O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari Kanpur shahridagi “Yashil stadion” nomi bilan tanilgan, eng qadimiy kriket stadionini borib ko‘rishdi. Shu yerda O‘zbekiston kriket federatsiyasi raisi Aziz Mixliyev hindistonlik jurnalistlarga mamlakatimizda kriket sport turini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Tashrif doirasida vakillarimiz “Goinka” nomli xususiy kriket maktabida ham bo‘lishdi. Ushbu maktabda kriket bo‘yicha erkaklar va ayollardan iborat terma jamaolarimiz uchun o‘n kunlik o‘quv-mashg‘ulotlar o‘tkazish va “Yashil stadion”da musboqalar tashkil etishga kelishib olindi.

Ilhom RAHMONOV.

O‘zA