O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Fuqaroviy va xizmat quroli hamda uning o‘q-dorilari muomalasi sohasida litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga ko‘ra, fuqaroviy qurol va uning o‘q-dorilari muomalasi bo‘yicha talablar kuchaytiriladi.
Qaror qabul qilinguniga qadar qurol muomalasi sohasidagi harakatlarni va (yoki) faoliyatni amalga oshirish huquqini beradigan ruxsat etish xususiyatiga ega bo‘lgan hujjatlar ularning amal qilish muddati tugagunicha qonuniy hisoblanadi.
Qaror kuchga kirganidan keyin:
a) og‘iz qismidagi quvvat 7,5 jouldan kam va kalibri 4,5 millimetrgacha bo‘lgan pnevmatik ov qurolini va (yoki) og‘iz qismidagi quvvat 3 jouldan kam bo‘lgan pnevmatik sport qurolini ta’mirlash va realizatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi shaxslar o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tegishli litsenziyasi asosida amalga oshiradi;
b) og‘iz qismidagi quvvat 7,5 jouldan kam va kalibri 4,5 millimetrgacha bo‘lgan pnevmatik ov qurolidan va (yoki) og‘iz qismidagi quvvat 3 jouldan kam bo‘lgan pnevmatik sport qurolidan foydalanish uchun mo‘ljallangan tirlar va o‘qotish maydonlari o‘z faoliyatini hududiy ichki ishlar organlarining qurolni saqlashga doir ruxsatnomasi asosida amalga oshiradi;
v) yuridik va jismoniy shaxslardagi mavjud og‘iz qismidagi quvvat 7,5 jouldan kam va kalibri 4,5 millimetrgacha bo‘lgan pnevmatik ov quroli va (yoki) og‘iz qismidagi quvvat 3 jouldan kam bo‘lgan pnevmatik sport quroli belgilangan tartibda ichki ishlar organlarida ro‘yxatga qo‘yiladi hamda ularga ichki ishlar organlari tomonidan qurolni saqlash va olib yurishga doir ruxsatnoma beriladi;
g) “Qurol to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi hududida fuqaroviy qurol sifatida muomalasi taqiqlangan, maxsus ta’mirlash ishlarini amalga oshirmasdan turib o‘q uzish imkoniyatini istisno etadigan o‘quv quroli hamda vazn-o‘lchamli qurol, shuningdek, nur-tovushli ta’sirga ega patron bilan o‘q uzishni imitatsiya qilish uchun mo‘ljallangan, maxsus ta’mirlash ishlarini amalga oshirmasdan turib boshqa turdagi patronlar bilan o‘q uzish imkoniyatini istisno etadigan paxtavon qurol va uning o‘q-dorilari fuqarolar tomonidan ichki ishlar organlariga tekin topshiriladi, belgilangan tartibda yo‘q qilinadi yoki maxsus organlar va harbiy tuzilmalar kolleksiyalariga topshiriladi;
d) fuqarolar uchun pnevmatik kalta stvolli qurol va tashqi tomondan avtomatik qurol nusxalariga (replikalariga) o‘xshash pnevmatik qurolning faqat sport ob’ektlarida ichki ishlar organlarining ruxsatnomalari asosida saqlanishiga va ulardan foydalanishga yo‘l qo‘yiladi.
O‘zA