Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Hindistonning “QP PHARMACHEM LTD” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Gvayfenazin” siropining (GUAIFENESIN SYRUP TG SYRUP) sifatsiz seriyasi bo‘yicha ogohlantirish e’lon qildi.

Ma’lum qilinishicha, “Gvayfenazin” siropining sifatsiz partiyasi Marshall orollari va Mikroneziya (Federativ Shtatlari) hududida aniqlangan. Avstraliyaning Tibbiy buyumlar nazorati boshqarmasi laboratoriyasida o‘tkazilgan tahlillar natijasiga ko‘ra, “GUAIFENESIN SYRUP TG SYRUP” preparti tarkibida mumkin bo‘lmagan miqdorda dietilenglikol va etilenglikol yot aralashmalari borligi qayd etilgan.

Ma’lumot uchun, “Gvayfenazin” preparati balg‘am ko‘chiruvchi vosita bo‘lib, uning nafas yo‘llaridan chiqarib yuborilishini yengillashtirish va yo‘talni kamaytirish uchun qo‘llaniladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, JSST suyuq dori shakllarini, xususan, siroplarni ishlab chiqaruvchilar propilenglikol, polietilenglikol, sorbit va/yoki glitserin kabi yordamchi moddalarni o‘z ichiga olgan tegishli preparatlarni ishlab chiqarishdan oldin ushbu yordamchi moddalarning tarkibida etilenglikol va dietilenglikol aralashmalari mavjudligini tekshirishni tavsiya etmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” JSSTning 4/2023-sonli xabarnomasida e’lon qilingan mazkur “Gvayfenazin” siropi (GUAIFENESIN SYRUP TG SYRUP) va uni ishlab chiqaruvchi “QP PHARMACHEM LTD” kompaniyasining boshqa dori preparatlari O‘zbekiston Respublikasida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaganini hamda yurtdoshlarimizga bu borada xavotirga tushmasliklarini bildiradi.

Hozirgi kunda dunyoda sirop bilan bog‘liq dietilenglikol va etilenglikol kontaminatsiyasi holatida yuzaga kelayotgan salbiy oqibatlarning oldini olish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan mamlakatimiz hududiga kirib kelayotgan dori preparatlarining sifat nazorati yanada kuchaytirilgan.

 

M.Qosimova,

O‘zA