O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda zarur agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, agrar sektorda qishloq xo‘jaligi texnikasiga bo‘lgan talabni qondirish, qishloq xo‘jaligi korxonalarini ma’nan va jismonan eskirgan texnikalar o‘rniga zamonaviy va resurstejamkor texnikalar bilan ta’minlashni rag‘batlantirish tizimini takomillashtirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi texnikalari xaridinidavlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning quyidagi yagona tartibi 2023 yil 1 apreldan boshlab joriy qilinsin:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 11 noyabrdagi “Chirchiq shahrida qishloq xo‘jaligi mashinasozlik klasterini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-7-son qarorida nazarda tutilgan subsidiyalar barcha mahalliy qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqaruvchi korxonalarga tatbiq etiladi;

qishloq xo‘jaligi korxonalari va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan o‘rnatilgan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha xorijdan olib kelinadigan barcha turdagi qishloq xo‘jaligi texnikalari va agregatlari hamda ularning butlovchi buyumlari va ehtiyot qismlari, istisno tariqasida, 2025 yil 1 yanvarga qadar bojxona to‘lovlaridan (qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) va utilizatsiya yig‘imidan ozod qilinadi hamda tadbirkorlik sub’ektlariga erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirilgan sanadan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini 270 kungacha bo‘lgan muddatga kechiktirib to‘lashga ruxsat beriladi;

xalqaro moliya institutlari tomonidan lizing kompaniyalariga ajratilgan mablag‘lar doirasida o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga qishloq xo‘jaligi texnikasi va agregatlarini lizingga berishga ruxsat etiladi;

2. 2023-2024 yillarda qishloq xo‘jaligi texnikasi xaridini moliyalashtirish uchun jami 2,6 trillion so‘m yo‘naltirilsin, shundan:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 iyuldagi PQ-335-son qaroriga asosan Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan qishloq xo‘jaligi texnikalarini xarid qilish uchun tijorat banklariga joylashtirilgan 100 million AQSH dollaridan 2022 yilda o‘zlashtirilmasdan qolgan 670 milliard so‘m (59 million AQSH dollari) miqdoridagi mablag‘ texnika xaridi uchun 10 foiz stavkada 10 yilga kredit ajratish uchun;

800 milliard so‘m (70 million AQSH dollari) – xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan qishloq xo‘jaligi texnikalarini xarid qilish uchun lizing tashkilotlariga joylashtirish hisobiga;

1,1 trillion so‘m (100 million AQSH dollari) – xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan qishloq xo‘jaligi texnikalarini xarid qilish uchun tijorat banklariga joylashtirish hisobiga.

Bunda:

xizmat ko‘rsatadigan tijorat banklari tomonidan lizing tashkilotlariga kredit ajratilishida garov ta’minoti sifatida lizingga beriladigan texnikalar va sug‘urta polisi qabul qilinishi mumkin;

xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan mablag‘lar hisobidan xaridorlarga qishloq xo‘jaligi texnikalari lizing marjasi yillik 3 foizdan oshmagan stavkada 10 yilgacha bo‘lgan muddatga Qishloq xo‘jaligi vazirligi buyurtmasi asosida lizingga beriladi.

3. Tijorat banklariga lizing kompaniyalariga qishloq xo‘jaligi texnikalarini yetkazib berish uchun qarz mablag‘larini garov ta’minoti sifatida sotib olinadigan qishloq xo‘jaligi texnikasini, kreditning butun davri uchun qarz mablag‘larini qaytarmaslik xatarlaridan 100 foiz garov sifatida sug‘urta polisini yoki uchinchi shaxslarning kafilligini qabul qilish orqali ajratish tavsiya etilsin.

Markaziy bank Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda o‘n kun muddatda tijorat banklari tomonidan garov ta’minoti sifatida qabul qilinadigan sug‘urta kompaniyalari tomonidan taqdim etiladigan qarz mablag‘larini qaytarmaslik xatarlaridan sug‘urta polisi (shartnomasi)ning namunaviy shaklini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etsin.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi ikki oy muddatda sug‘urta bozorini takomillashtirish, xavf-xatarlarni to‘g‘ri baholash, ayniqsa, byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish uchun resurslar hisobiga kreditlarga nisbatan sug‘urta operatsiyalari ustidan prudensial nazoratni kuchaytirish bo‘yicha taklif kiritsin.

4. Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi har yili 1 oktyabrga qadar mahalliy va jahonning yetakchi ishlab chiqaruvchilarini jalb qilgan holda keyingi yil uchun qishloq xo‘jaligi texnikalarini yetkazib berishning maqsadli parametrlarini ishlab chiqib, Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etilishini ta’minlasin.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi har yili taqdim etiladigan qishloq xo‘jaligi texnikalarini yetkazib berishning maqsadli parametrlari va yetkazib beriladigan qishloq xo‘jaligi texnikalari turlaridan kelib chiqib, qishloq xo‘jaligi texnikasini lizing shartlarida yetkazib berishning moliyalashtirish manbalarini ularni ajratish davrlari kesimida shakllantirsin hamda Jamg‘armadan mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlari ilovaga muvofiq 2023 yil 1 apreldan o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

6. Qishloq xo‘jaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

7. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov, iqtisodiyot va moliya vaziri Sh.D.Kudbiyev va qishloq xo‘jaligi vaziri A.B.Voitov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

         Prezidenti                                                                                                                                           Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2023 yil 29 mart