Oliy Majlis Qonunchilik palatasida uchrashuv

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida 4-aprel kuni Buyuk Britaniya parlamenti Lordlar palatasi a’zosi va Yevroosiyo Global TB Caucus guruhi o‘rinbosari Alison Satti boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasida o‘zaro ishonch hamda manfaatdorlikka asoslangan munosabatlar izchil rivojlanib borayotgani qayd etildi. Ikki davlat tuzilmalari o‘rtasida tashkil etilayotgan turli darajadagi muloqotlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi qonun ijodkorligi, savdo-iqtisodiy hamkorlik rivojiga yangi sur’at bag‘ishlagani ta’kidlandi.

9.JPG

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi Akmal Saidov va boshqalar mehmonlarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar haqida so‘zlab berdi. Xususan, Harakatlar strategiyasi doirasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yuzasidan ma’lumot berildi. Aholini ijtimoiy himoya qilish va sog‘liqni saqlash tizimida parlament nazorati kuchaytirilgani ijtimoiy sohada qonun ijodkorligini mustahkamlash imkonini berayotgani qayd etildi.

Buyuk Britaniya parlamenti Lordlar palatasi a’zolari O‘zbekistonda ijtimoiy sohani rivojlantirishga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida qaralayotgani, “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” tamoyili asosida olib borilayotgan ishlarga yuqori baho berdi.

10.JPG

Uchrashuvda aholi salomatligini muhofazalash, jumladan, yuqumli kasalliklar, silga qarshi kurashishda parlamentlararo hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Ijtimoiy sohani rivojlantirish, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha tadbirlarni birgalikda tashkil etish yuzasidan fikr almashildi.

Buyuk Britaniya delegatsiyasi a’zolari Qonunchilik palatasi faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.

 

Ulug‘bek Shonazarov, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA