DSEI-Japan harbiy texnologiyalari ko‘rgazmasi chorshanba kuni Tokioga qo‘shni bo‘lgan Tiba prefekturasida ochildi. Ko‘rgazma tashkilotchilarining ma’lum qilishicha, unda AQSH, Buyuk Britaniya, Turkiya, Avstraliya va Isroil kabi jahonning 24 ta mamlakatidan kelgan kompaniyalar o‘zlarining harbiy sohadagi yangi texnologiyalari va yutuqlarini namoyish qiladi.

Uch kunlik ko‘rgazma doirasida xavfsizlik bo‘yicha konferensiya ham bo‘lib o‘tadi. Konferensiyada ishtirokchilar xalqaro xavfsizlikning zamonaviy tahdidlari va eng yangi mudofaa texnologiyalarini muhokama qiladi. Ta’kidlanishicha, bahs-munozara mavzularidan biri Ukrainadagi vaziyatga ham bag‘ishlanadi.

“DSEI-Japan 2023 Osiyo mintaqasida va uni o‘rab turgan dengizlarda xavfsizlikni ta’minlash bilan bog‘liq muammolarga baho beradi”, – deya ma’lum qilmoqda tadbir tashkilotchilari.

DSEI-Japan har ikki yilda Londonda o‘tkaziladigan mashhur xalqaro ko‘rgazma – DSEI qurol-yarog‘lar yarmarkasining filiali hisoblanadi.