Konstitutsiyaviy sud Qonunchilik palatasining “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazish haqida”gi qarorini ko‘rib chiqishga kirishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi ish yurituviga Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2023 yil 10 martda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazish haqida”gi 3017-IV-son qarorining Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlash so‘ralgan murojaati kelib tushdi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining murojaati va uning ilovalarini “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunning 29-moddasida belgilangan Konstitutsiyaviy sudga murojaatga qo‘yiladigan talablarga muvofiqligini o‘rganib, uning mazkur talablarga javob berishini aniqladi hamda mazkur murojaatni ko‘rib chiqish mumkin, degan xulosaga keldi.

Yuqoridagilarga asosan Konstitutsiyaviy sud “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunning 33-moddasiga muvofiq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qarorini ko‘rib chiqish uchun qabul qilish to‘g‘risida ajrim chiqardi hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun talablariga muvofiq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining qarorini ko‘rib chiqishni boshladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazish haqida”gi qarorining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlash bo‘yicha Konstitutsiyaviy sudning ochiq sud majlisi 2023 yil 13 mart kuni bo‘lib o‘tishi belgilandi.

O‘zA