O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Xalqaro brendlar tovarlarining ayrim turlarini brend egalari yoki ularning vakolatli yetkazib beruvchilari (rasmiy distribyutorlar, dilerlar, ishlab chiqaruvchilarning savdo vakillari va ularning distribyutorlari, litsenziatlari) bilan tuzilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida import qiluvchilar reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomni tasdiqladi.

Nizom to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida import qiluvchilar reyestrini shakllantirish va yuritish tartibini belgilaydi.

Unda ariza beruvchini Reyestrga kiritish shart va talablari, Reyestrga kiritishni rad etish hamda undan chiqarish tartibi belgilangan.

Ariza beruvchi O‘zbekiston Respublikasi hududida yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lishi, tovarlarni sotish uchun O‘zbekiston Respublikasi hududida o‘ziga tegishli (yoki ijara) chakana savdo shaxobchalariga ega bo‘lishi shart.

Arizaga xalqaro brendlar tovarlarining ayrim turlarining brend egalari yoki ularning vakolatli yetkazib beruvchilari ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar;

xalqaro brendlar yoki ularning vakolatli yetkazib beruvchilari bilan O‘zbekiston Respublikasi hududiga mahsulot yetkazib berish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilgan import shartnomalari;

akkreditatsiya qilingan xalqaro organlar tomonidan berilgan tovarlarning sifati yoki xavfsizligini tasdiqlovchi hujjatlar;

yoki xalqaro brendlar bo‘linmalarining vakolatli organlari tomonidan berilgan sifat sertifikatlari, muvofiqlik deklaratsiyasi, xalqaro brendlar egalarining muhri bilan tasdiqlangan, tovarning sifati va xavfsizligini tasdiqlovchi sinov va sifat to‘g‘risidagi hujjatlar;

tovarning kelib chiqish mamlakati va ishlab chiqaruvchisi haqida dastlabki ma’lumot;

ariza berilayotgan tovarning O‘zbekiston Respublikasi TIF TH bo‘yicha tasnif kodi haqida ma’lumot ilova qilinadi.

Taqdim etilgan hujjatlarda ko‘rsatilgan ma’lumotlarni Nizom talablariga muvofiqligi va ularning mavjudligini rasmiy, ishonchli, foydalanish mumkin bo‘lgan manbalar, shu jumladan, internet jahon axborot tarmog‘i orqali o‘rganiladi va tekshiriladi.

Taqdim etilgan hujjatlar haqiqiyligi yoki undagi ma’lumotlar aniqligiga shubha tug‘ilganda, shuningdek internet-resurslar orqali to‘plangan ma’lumotlar yetarli deb hisoblanmagan holatlarda tegishli vakolatli organlar yoki boshqa tashkilotlarga rasmiy so‘rov yuboriladi. Bunda, arizani ko‘rib chiqish muddati yana 10 ish kunigacha uzaytirilishi mumkin.

Reyestrga kiritilganlik to‘g‘risidagi Sertifikat bir yil amal qilish muddati bilan beriladi.

O‘zA