O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 25 avgustdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida joylashgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida sog‘lom ovqatlantirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida qator kamchiliklar aniqlandi.
Mazkur qarorda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi yuzasidan tasdiqlangan jadval asosida har oyda o‘rganishlar tashkil etish belgilangan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi xodimlari bilan Kegeyli tumanida maktab o‘quvchilarini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash holati o‘rganildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi topshirig‘i asosida tashkil etilgan tadbir davomida tumandagi 1-8-19- va 55-umumta’lim maktablarida bir qator qo‘pol xato va kamchiliklar aniqlandi. Jumladan, bolalarga oziq-ovqat mahsulotlari belgilangan normadan kam miqdorda berilmoqda, issiq choy va ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan. Eng achinarlisi, ayrim mahsulotlarning sifati mutlaqo talabga javob bermaydi.
Oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish uchun maxsus avtotransport ajratilmagan. Ayrim maktablarda kunlik oziq-ovqat mahsulotlarini tarkibi va sifati ustidan doimiy nazoratni ta’minlovchi komissiya tarkibi tuzilmagan. bugungi kunda kamchiliklarni bartaraf etish va mas’ullarga tegishli chora ko‘rish ishlari olib borilmoqda.
Mana shunday o‘rganish ishlari Orolbo‘yining barcha shahar va tumanlarida olib boriladi. Ushbu mas’uliyatli ishga befarq bo‘lgan maktab rahbarlari bilan mas’ullarga qat’iy jazo chorasi ko‘riladi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri