Ijtimoiy tarmoqlarda Qonliko‘l tumanida ko‘p qavatli uy zinapoyasi qulaganligi haqida tarqalgan ma’lumot bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi rasmiy ma’lumot berdi.

Unda qayd etilishicha, prokuratura tomonidan Qonliko‘l tumani “Navro‘z” ovul fuqarolar yig‘ini hududi “Yangi O‘zbekiston” massivida amalga oshirilayotgan qurilish ishlarida zinapoya qulab tushganligi holati yuzasidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

Aniqlanishicha, ushbu massivda “Imorat qurilish konstruksiya” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan qurilish jarayonida 5 qavatli turar joyning 1-pod’ezdidagi zinapoya qulab tushgan. Hodisa oqibatida tan jarohati olgan shaxslar bo‘lmagan.

Mazkur holat yuzasidan prokuratura organlariga kelib tushgan tezkor ma’lumotga ko‘ra, 19 fevral kuni hodisa joyi ko‘zdan kechirildi. Hozirda bino qurilishi jarayonida qonunchilik talablariga rioya etilishi holati yuzasidan qurilish ekspertizasi tayinlanib, tekshirish harakatlari amalga oshirilmoqda.

Tergovga qadar tekshiruv ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilgan.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri