Ertaga, 2018-yil 29-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshlaydi.

Bugun Senat yalpi majlisi oldidan kun tartibiga qo‘yilgan masalalar muhokamasiga oid qo‘mitalar majlislari bo‘lib o‘tmoqda.

Dastlabki yig‘ilish Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etildi. Unda senatorlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Qo‘mita raisi Alisher Kurmonov majlis avvalida O‘zbekistonning xalqaro aloqalar sohasidagi siyosati davlatlararo do‘stlik, o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlar qaror topishiga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent konferensiyasining muvaffaqiyatli o‘tgani, tadbir doirasida imzolangan Toshkent deklaratsiyasi kelgusida o‘z natijasini beradi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning 2017-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti bo‘yicha fikr almashildi.

Shuningdek, mazkur qo‘mita tomonidan yalpi majlis kun tartibiga kiritilgan «O‘zbekiston Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi va Turkmaniston o‘rtasida uch davlatning Davlat chegaralari tutashgan nuqtasi hududi to‘g‘risidagi shartnomani (Samarqand, 2017-yil 10-noyabr) ratifikatsiya qilish haqida», «O‘zbekiston Respublikasi bilan Afg‘oniston Islom Respublikasi o‘rtasida fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risidagi shartnomani (Toshkent, 2017-yil 5-dekabr) ratifikatsiya qilish haqida», «Umumjahon pochta ittifoqining Ustiviga to‘qqizinchi qo‘shimcha bayonnomani (Istambul, 2016-yil 6-oktabr) ratifikatsiya qilish to‘g‘risida», «Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom tashkiloti Ustavini (Boku, 2015-yil 26-noyabr) ratifikatsiya qilish to‘g‘risida», «Shanxay hamkorlik tashkilotining Ekstremizmga qarshi kurashish Konvensiyasini (Ostona, 2017-yil 9-iyun) ratifikatsiya qilish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari yuzasidan qo‘mita xulosalarini tasdiqlash haqidagi masalalar ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, majlisda qo‘mita va uning a’zolari tomonidan amalga oshirilgan ishlar, Senat, Senat kengashi va qo‘mita tomonidan qabul qilingan qarorlar ijrosi tahlil etildi.

 

Norgul Abduraimova,O‘zA