Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sovrini uchun “Raqamli texnologiyalar yo‘nalishida eng yaxshi startap” (President Tech Award) tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga ko‘ra yoshlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida umumiy mukofot jamg‘armasi 1 million AQSH dollari bo‘lgan Prezident sovrini uchun tanlov o‘tkaziladi.

Ushbu tanlov:

soha va tarmoqlar rivoji uchun xizmat qiladigan, yoshlar tomonidan ilgari surilgan ilg‘or biznes-g‘oyalar va istiqbolli startap loyihalarni saralash tizimini yaratish; 

eksportga yo‘naltirilgan va jahon IT-bozoriga mo‘ljallangan dasturiy mahsulotlar yaratilishini qo‘shimcha rag‘batlantirish;

iqtidorli yosh dasturchilar tajribasi va ularning jamoada ishlash ko‘nikmasini oshirish; 

yoshlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirishga zamin yaratadi.

Tanlov 2023 yil may oyidan boshlab 5 ta asosiy va 1 ta maxsus yo‘nalish bo‘yicha o‘tkaziladi. 

Arizalarni qabul qilish, ishtirokchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish, tanlovni yoritish va tanlov o‘tkazilishi bilan bog‘liq boshqa tadbirlar maxsus portal orqali IT-park direksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

G‘oliblar Markaziy bankning to‘lov amalga oshiriladigan kundagi rasmiy kursi bo‘yicha milliy valyuta ekvivalentida bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi: 

a) tanlovning 5 ta asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha: 

1- o‘rin uchun – 100 000 AQSH dollari;

2- o‘rin uchun – 50 000 AQSH dollari;

3- o‘rin uchun – 30 000 AQSH dollari;

b) tanlovning maxsus yo‘nalishi bo‘yicha (bitta) – 100 000 AQSH dollari.

Raqamli texnologiyalar vazirligi 2023 yil 1 mayga qadar tanlov ishtirokchilarini ro‘yxatga olish va yangiliklarni yoritib borishga ixtisoslashtirilgan maxsus portal ishga tushirilishini ta’minlaydi.

Tanlov har yili o‘tkaziladi.

O‘zA