Xorvatiyada erkin, yunon-rum va ayollar kurashi bo‘yicha o‘tkazilgan “Zagreb open” xalqaro turnirida mamlakatimizning 8 nafar yunon-rum va 9 nafar ayollar kurashi vakillari qatnashdi.

500 nafarga yaqin polvonlar qatnashgan bahslarda yunon-rum kurashchilarimiz 1 tadan kumush va bronza medallariga sazovor bo‘ldi.

55 kilogramm vaznda qatnashgan Ixtiyor Botirov shohsupaning ikkinchi pog‘onasiga ko‘tarilgan bo‘lsa, Jamol Jumaboyev 72 kilo og‘irlikda kuchli uchlikdan joy oldi.

Nufuzli musobaqaning yarim finalida kurash olib borgan yunon-rum kurashidagi vakilimiz Jalgasboy Berdimuratov bronza medali uchun bahsda germaniyalik sportchiga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Endi mamlakatimiz sport kurashi vakillari 22-23 fevral kunlari Misrda bo‘ladigan xalqaro turnirda ishtirok etadi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA