O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vengriya tomonining taklifiga binoan 3-4 oktyabr kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.

4 oktyabr kuni Budapesht shahrida Vengriya Parlamentining binosi ro‘parasidagi Layosh Koshut nomidagi maydonda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Maydonda oliy martabali mehmon sharafiga piyoda va otliq askarlardan iborat faxriy qorovul saf tortdi. Ikki mamlakat davlat madhiyalari ijro etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Vengriya Prezidenti Katalin Novak rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladilar.

Marosim yakunida faxriy qorovul tantanali saf tortib o‘tdi.

Shavkat Mirziyoyev Vengriyaga rasmiy tashrifi doirasida Budapesht shahrining Qahramonlar maydonidagi Xotira ustuni poyiga gulchambar qo‘ydi.

Prezidentimiz Vengriya davlatchiligini barpo etishga hissa qo‘shgan buyuk arboblar xotirasiga hurmat bajo keltirdi. 

Ushbu maskan Budapeshtning bosh maydonlaridan biri bo‘lib, YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Maydon markazida Ming yillik ustuni qad rostlagan, uning poyida mojar qabilalarining 7 nafar boshlig‘ining haykali o‘rnatilgan. Ushbu yodgorlik vengerlarning bugungi vatanini topishi va Vengriya qirolligiga asos solinishiga bag‘ishlangan.

Majmuada venger xalqining atoqli namoyandalari haykallaridan iborat 2 ta kolonnada joylashgan. Yodgorlikning old tomonida Vengriya qahramonlari sharafiga xotira toshtaxtasi o‘rnatilgan.

Budapesht shahridagi Shandor saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vengriya Prezidenti Katalin Novak bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari Faxriy mehmonlar kitobida qayd qoldirdi, yetakchilar birgalikda suratga tushishdi.

Prezidentlar O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi ko‘p qirrali strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Xalqlarimizning azaliy tarixiy aloqalari mushtarak qadriyatlar va do‘stona munosabatlarni mustahkamlash uchun poydevor bo‘lib xizmat qilayotgani ta’kidlandi. Arminiy Vamberi va Isxak Ibragim kabi sharqshunos olimlar tarixiy rishtalarimiz va boy madaniy merosimizni o‘rganishga katta hissa qo‘shgani alohida qayd etildi.

Ikki tomonlama hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani, siyosiy muloqot chuqurlashib, o‘zaro ko‘mak davom ettirilayotgani, parlamentlararo va jamoatchilik aloqalari kengayib borayotgani mamnuniyat bilan ta’kidlandi.

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish ustuvor ahamiyatga ega. Keyingi yillarda tovar ayirboshlash hajmi qariyb uch barobar oshgani qayd etildi.

Bu boradagi ishlarni faollashtirishda iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Vengriya hukumatlararo komissiyasi va 3 oktyabr kuni Budapeshtda ikkinchi yig‘ilishini o‘tkazgan O‘zbekiston – Vengriya Ishbilarmonlar kengashi muhim o‘rin tutmoqda.

Tomonlar O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining GSP+ preferensiyalar tizimiga qo‘shilgani o‘zaro savdoni salmoqli darajada ko‘paytirish va diversifikatsiya qilish uchun yangi imkoniyatlar ochishini ta’kidladilar.

O‘zbekiston – Vengriya hamkorligini rivojlantirishda madaniy-gumanitar soha alohida o‘ringa ega. Vengriya hukumati “Xungarikum” dasturi doirasida o‘zbekistonlik talaba va doktorantlar uchun har yili ajratiladigan kvotani 170 tagacha oshirish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilgani aytildi.

O‘zbekiston va Vengriya oliy ta’lim muassasalari rektorlarining ikkinchi forumini o‘tkazish maqsadga muvofiqligi ko‘rsatib o‘tildi.

Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar, ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi faol muloqotni va o‘zaro ko‘makni davom ettirish masalalarini muhokama qildilar.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti Vengriya Prezidentini o‘zi uchun qulay vaqtda mamlakatimizga borishni taklif etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Budapesht shahrida Vengriyaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tadbirda Vengriya iqtisodiy rivojlanish vaziri Marton Nad, Savdo-sanoat palatasi raisi Laslo Parrag, «OTP Bank» raisi Shandor Chani, shuningdek, «Gedeon Richter», «Bonafarm», «Wizz Air», «Raba Holding», «Meditop», «Master Good», «Kite» kabi yigirmaga yaqin eng yirik kompaniya va korporatsiya rahbarlari ishtirok etdi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston yetakchisining xorijiy mamlakatlarga tashriflari davomida ishbilarmonlar bilan uchrashuvlar o‘tkazishi an’anaga aylangan. Bunday tadbirlar bevosita aloqalarni yo‘lga qo‘yish, mamlakatimizning savdo-iqtisodiy yo‘nalishdagi muvaffaqiyatlarini ilgari surish, chet el sarmoyadorlarini o‘zaro manfaatli loyihalarga jalb etishga xizmat qiladi.

Vengriya – Yevropaning eng tez iqtisodiy jihatdan o‘sib borayotgan mamlakatlaridan biri, qishloq xo‘jaligi, savdo, turizm, moliya va axborot texnologiyalari sohalarida ulkan salohiyatga ega davlat.

Keyingi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik jadal rivojlanmoqda. Qo‘shma korxonalar va investitsiyalar hajmi oshmoqda.

Uchrashuvda farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, elektronika va elektrotexnika, kimyo, to‘qimachilik, charm tarmoqlari va avtomobilsozlik kabi sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.

O‘zbekistonda iqtisodiyotning barcha soha va tarmoqlarini tubdan takomillashtirish, aholi farovonligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari keyingi yillarda O‘zbekiston iqtisodiy siyosatining asosiy natijalarini sanab o‘tdi: valyuta bozori va foydani repatriatsiya qilish erkinlashtirildi, davlat aktivlari va banklarni, sanoat va infratuzilma ob’ektlarini xususiylashtirish dasturi boshlandi, soliq tizimi isloh qilindi.

– Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida tadbirkorlar uchun maksimal darajada qulay sharoitlar yaratish, yurtimizda xorijiy biznes faoliyatini kengaytirish borasidagi ishlarni davom ettirish maqsad qilingan. Eng muhimi, xorijiy biznes vakillari yangilanishlarimizga ishondi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uchrashuvda ustuvor loyihalarni moliyalashtirish uchun qo‘shma fond tashkil etilishi va u tez fursatda ish boshlashi aytildi.

Faqat Vengriya kompaniyalari uchun mo‘ljallangan alohida sanoat zonasini yaratish va uni barcha zarur ishlab chiqarish infratuzilmasi bilan ta’minlash taklif etildi.

Davlatimiz rahbarining fikricha, bo‘lajak qo‘shma loyihalar hamda ularning doirasida vengriyalik sheriklarning ilmiy ishlanmalari, konstruktorlik innovatsiyalari va texnologiyalari o‘zlashtirilishi katta sinergetik samara beradi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Vengriya delegatsiyasining har bir a’zosi bilan alohida muloqot qildi. Aniq qo‘shma loyihalarni amalga oshirish rejalari haqida batafsil fikr almashildi. O‘zbekiston tomoni Vengriya ishbilarmonlariga ularning investitsiya rejalarini ro‘yobga chiqarishda to‘liq ko‘maklashishga tayyorligi qayd etildi.

– Har bir tadbirkorni mamlakatimizga kelib, bugungi kunda investitsiyalar uchun eng yaxshi joy O‘zbekiston ekanligiga shaxsan ishonch hosil qilishga taklif etaman, – dedi Prezidentimiz.

Vengriya ishbilarmon doiralari vakillari, o‘z navbatida, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarga yuksak baho berdi hamda mamlakatimiz bozoriga chiqish, istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdilar.

Kuni kecha o‘tgan O‘zbekiston – Vengriya biznes forumida umumiy qiymati 1 milliard dollardan ziyod investitsiya, savdo va moliyaviy kelishuvlar imzolangani ham tomonlar hamkorlik qilishdan manfaatdorligining navbatdagi yaqqol tasdig‘i bo‘ldi.

Uchrashuv yakunida ilgari surilgan barcha loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq muddatlar va mas’ul ijrochilar ko‘rsatilgan kompleks “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.

O‘zbekiston vazirlik va idoralariga vengriyalik hamkorlarning yurtimizda muvaffaqiyatli tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishida har tomonlama ko‘maklashish topshirildi.

Budapeshtdagi “Karmelita” saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban tor doirada ikki tomonlama muzokara o‘tkazdilar.

Suhbatda O‘zbekiston – Vengriya strategik sherikligini yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Prezidenti do‘st Vengriya yetakchisiga tashrif davomida ko‘rsatilgan samimiy qabul va iliq mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Davlatimiz rahbari ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali strategik sheriklik jadal rivojlanib, izchil mustahkamlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi. Viktor Orbanning 2021 yil martda yurtimizga rasmiy tashrifi yakunida erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston – Vengriya munosabatlarida yangi sahifa ochgani hamda ikki tomonlama hamkorlikni yanada yuqori bosqichga ko‘targani alohida ta’kidlandi.

Turli darajalardagi muloqotlar faollashdi, samarali siyosiy va parlamentlararo hamkorlik yo‘lga qo‘yildi, savdo-iqtisodiy hamda investitsiya sohalarida qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda, madaniy-gumanitar almashinuvlar kengaymoqda.

Muzokaralarda qo‘shma investitsiya loyihalarini sanoat kooperatsiyasi orqali amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Shu ma’noda ikki mamlakat iqtisodiyoti bir-birini to‘ldirib turishi, rivojlanish strategiyalari diversifikatsiya va industriallashuvga qaratilgani  bilan bir-biriga o‘xshashligi qayd etildi.

Keyingi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash oshgani, uni yanada ko‘paytirish uchun barcha imkoniyatlar va omillar mavjudligi ta’kidlandi. O‘zbekiston Yevroittifoqning «GSP+» a’zosi maqomiga ega ekani ham bunga xizmat qiladi.

Tomonlar o‘zaro imtiyoz va preferensiyalar taqdim etish, tayyor mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma quvvatlar yaratish va shu orqali MDH, Sharqiy va Janubiy Osiyo hamda Yaqin Sharq bozorlariga chiqishga intiladi.

Farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, mashinasozlik, innovatsiyalar, raqamlashtirish, transport hamda ilmiy tadqiqotlar hamkorlik uchun istiqbolli yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.

Ikki mamlakat yetakchilari dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolarni ham muhokama qildilar. Xalqaro tuzilmalar, shu jumladan, BMT, YeXHT, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqalar doirasidagi hamkorlik masalalariga to‘xtalib o‘tildi.

Vengriya Bosh vaziri joriy yilning noyabr oyida Samarqandda o‘tkaziladigan Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammitida ishtirok etishini tasdiqladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning muzokaralari ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom etdi.

Yetakchilar O‘zbekiston – Vengriya munosabatlari 2021 yilda strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani chinakam tarixiy voqea bo‘lgani hamda xalqlarimizning ko‘p asrlik do‘stligi va o‘zaro manfaatli hamkorlikning bugungi rivojiga to‘liq hamohangligini ta’kidladilar.

Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Davlatimiz rahbari keyingi yillarda o‘zaro savdo hajmi qariyb 3 barobar ko‘payganini qayd etdi. Tomonlar kelajakda tovar ayirboshlashni 500 million dollarga yetkazish rejasini ro‘yobga chiqarishga kelishib oldilar.

Viktor Orban Vengriya O‘zbekistonni o‘zining muhim va uzoq muddatli hamkori deb hisoblashini ta’kidladi. Ushbu tashrifning boy dasturi ham o‘zaro muloqotni har tomonlama rivojlantirishga intilish qat’iyligidan dalolat beradi.

Qishloq xo‘jaligi, transport, farmatsevtika, to‘qimachilik, oziq-ovqat, elektrotexnika, suvni tejash va sanoat sohalaridagi kooperatsiyaga yangi kuchli sur’at bag‘ishlash yuzasidan kelishuvga erishildi.

Shu maqsadda hukumatlarga ustuvor loyihalarni moliyalashtirish uchun tez fursatda qo‘shma fond tuzish topshirildi.

Shu bilan bir qatorda biznes-forum va ko‘rgazmalar muntazam o‘tkazib boriladi, imkoniyatlar maksimal darajada ishga solinadi, o‘zaro manfaatli hamkorlikning barcha yo‘nalishlari qamrab olinadi.

Tomonlar yaqinda o‘tkazilgan biznes forumning muvaffaqiyatli yakunlari, ya’ni qiymati 1 milliard dollardan ziyod bo‘lgan investitsiya va savdo bitimlari imzolangani samarali hamkorlikning aniq amaliy natijasi bo‘lganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga ko‘maklashish maqsadida Budapeshtda O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonasini ochish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Vengriya yetakchilari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash borasidagi intilishi qat’iy ekanini yana bir bor tasdiqladilar.

Budapesht shahrida o‘tgan oliy darajadagi muzokaralardan so‘ng ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Bosh vazir Viktor Orban O‘zbekiston Respublikasi va Vengriya o‘rtasidagi strategik sheriklikni rivojlantirish to‘g‘risida qo‘shma bayonot imzoladilar.

Hujjatda muzokaralar do‘stona, ochiq va konstruktiv ruhda o‘tgani qayd etilgan, har tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlikni faollashtirish ko‘zda tutilgan, diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘lgani ta’kidlangan.

Bundan tashqari, ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari darajasida O‘zbekiston – Vengriya strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishga qaratilgan 15 ta hujjat imzolandi. Bular:

– 2023-2024 yillarda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma dastur;

– Fan va texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha harakatlar rejasi;

– Qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha harakatlar rejasi;

– Jismoniy tarbiya va sport sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;

– Fanni rivojlantirish sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim.

Shuningdek, bojxona, adliya, atrof-muhitni muhofaza qilish, bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligi, uzumchilik, investitsiya sohalarida, O‘zbekiston Respublikasi davlat boshqaruvi akademiyasi va Vengriya Davlat xizmati universiteti, Samarqand viloyati va Xaydu-Bixar okrugi, Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi va Tashqi ishlar va savdo instituti, Toshkent davlat agrar universiteti va Vengriya qishloq xo‘jaligi va tabiiy fanlar universiteti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar imzolandi.

Shu bilan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vengriyaga rasmiy tashrifi yakunlandi.

O‘zA