O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Fermer xo‘jaliklari va g‘allachilik klasterlarining moddiy manfaatdorligini oshirish, ichki bozorni bug‘doy va un mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash, g‘allani davlat ehtiyojlari uchun zarur hajmdan ortiq xarid qilishdan voz kechish orqali sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish maqsadida:
1. Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining 2022 yil hosilidan sug‘oriladigan maydonlarning har gektaridan o‘rtacha 2,5 tonnadan jami 2 550 ming tonna bug‘doyning:
1 783,5 ming tonnasini tovar bug‘doy davlat resursi sifatida hamda 266,5 ming tonnasini urug‘lik uchun Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) mablag‘lari hisobidan xarid qilish;
500 ming tonnasini fermer xo‘jaliklari hamda boshqa g‘alla yetishtiruvchilar (keyingi o‘rinlarda – bug‘doy yetishtiruvchilar) tomonidan keyinchalik birja savdolarida sotish uchun Jamg‘armaning tijorat vakilida vaqtinchalik saqlashga qabul qilish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
2. Belgilab qo‘yilsinki, 2022 yil hosili uchun:
a) “O‘zdonmahsulot” AK tizimidagi korxonalar tovar bug‘doyni Jamg‘arma nomidan bug‘doy yetishtiruvchilardan sotib olish, saqlash, shuningdek, xaridorlarga jo‘natish tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha tijorat vakili hisoblanadi;
b) davlat resurslariga xarid qilingan tovar bug‘doy uchun to‘lovlar bug‘doy yetishtiruvchilarga tijorat vakili tomonidan Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan quyidagi bosqichlarda amalda oshiriladi:
dastlabki bosqichda – Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan narxlarda;
keyingi bosqichda – birjada shakllangan o‘rtacha narxdan (o‘rtacha kotirovkadan) kelib chiqib, bug‘doy yetishtiruvchilar bilan to‘liq qayta hisob-kitob qilinadi;
v) bug‘doy yetishtiruvchilardan tijorat vakilida vaqtinchalik saqlash uchun qabul qilingan tovar bug‘doy 2022 yilning iyul-avgust oylarida birja savdolari orqali sotiladi. Bunda:
bug‘doyni tashish (shu jumladan, ichki tashish), qabul qilish, saqlash va xaridorlarga jo‘natish xarajatlari tijorat vakili va bug‘doy yetishtiruvchilar o‘rtasida tuzilgan shartnoma shartlaridan kelib chiqib, Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qoplanadi;
bug‘doyni qabul qilish, saqlash va xaridorlarga jo‘natish jarayonida yuzaga keladigan tabiiy kamayish miqdori Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan tartib asosida hisobdan chiqariladi;
bug‘doyning sifati va saqlanishi bo‘yicha nazorat Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
3. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan xarid qilingan va bug‘doy yetishtiruvchilardan vaqtinchalik saqlash uchun qabul qilingan:
3 va undan yuqori sinflardagi bug‘doy – mulkchilik shaklidan qat’i nazar, birjadan xarid qilingan bug‘doyning 75 foizidan kam bo‘lmagan miqdordagi unni birja savdolari orqali sotish majburiyatini olgan,
un ishlab chiqarish quvvatlariga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlariga;
4- va 5-sinflardagi bug‘doy – barcha tadbirkorlik sub’ektlariga Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan grafik asosida birja savdolari orqali hech qanday cheklovlarsiz sotiladi.
Vazirlar Mahkamasiga Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishilgan taklifi asosida mazkur bandda nazarda tutilgan tartibga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish vakolati berilsin.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi 2023 yil 1 mayga qadar Vazirlar Mahkamasiga mazkur bandda nazarda tutilgan tartibni 2023 yil hosili uchun saqlab qolish yoki birja savdolarini cheklovlarsiz tashkil etish yuzasidan taklif kiritsin.
4. Moliya vazirligi “O‘zdonmahsulot” AK tizimidagi korxonalarga birjadan bug‘doy sotib olish uchun revolver kreditlarni moliyalashtirish maqsadida Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 800 milliard so‘mgacha tijorat banklariga Markaziy bankning asosiy stavkasida resurs joylashtirilishini ta’minlasin.
5. Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir hafta muddatda bug‘doy yetishtiruvchilar tomonidan yetishtirilgan bug‘doyni xarid qilish, vaqtinchalik saqlashga qabul qilish bo‘yicha Jamg‘arma va tijorat vakili o‘rtasida tuziladigan shartnomalarning namunaviy loyihalarini ishlab chiqsin hamda amaliyotga joriy etilishini ta’minlasin.
6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining olis, borish qiyin bo‘lgan va tog‘li hududlarga un va un mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha transport xarajatlarining 50 foizidan oshmagan qismini mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha manbalari hisobidan qoplash to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
7. Jamg‘arma tomonidan xarid qilinadigan va birja savdolari orqali sotiladigan bug‘doyning hisobini yuritish, xaridorlar bilan o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirish maqsadida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hududiy boshqarmalaridagi mavjud shtat birliklarini qisqartirish hisobiga Jamg‘armaga qo‘shimcha 6 ta shtat birligi ajratilsin.
8. G‘allani sotib olish va sotishda yangi tizim shaffofligi, to‘laqonli va adolatli ishlab ketishini hamda bug‘doy yetishtiruvchilar manfaatdorligini ta’minlash, ichki bozorda un va don mahsulotlari narxining o‘sishi va taqchilligining oldini olish bo‘yicha Respublika shtabi ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.
Quyidagilar Respublika shtabining (N.Yo‘ldoshev) asosiy vazifalari etib belgilansin:
bug‘doyni yetishtirish, qayta ishlash, saqlash, realizatsiya qilish va boshoqli don ekinlari yetishtirilishini moliyalashtirish ustidan nazorat mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha taklif tayyorlash;
g‘allani o‘z vaqtida yig‘ishtirib olish, daladan don qabul qilish shoxobchalariga nest-nobud qilmasdan olib kelish va grafik asosida birja savdolariga chiqarish ishlarini tashkil etish;
taqchillikka yo‘l qo‘ymaslik va narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida hududdagi iste’mol talabi uchun zarur bo‘lgan un va un mahsulotlarini respublikaning boshqa hududlaridan va chetdan olib kelish hamda “O‘zdonmahsulot” AK tizimidagi korxonalarning ishlab chiqarish hajmlari saqlab qolinishini nazorat qilish;
g‘allani tasdiqlangan grafik asosida birja savdolariga chiqarish hamda to‘lovlarning amalga oshirilishi ustidan kunlik nazorat o‘rnatish;
g‘allani sotib olish va sotish bo‘yicha yangi tizim shaffofligi, to‘laqonli va adolatli ishlab ketishini hamda bug‘doy yetishtiruvchilar manfaatdorligini ta’minlash.
9. Qishloq xo‘jaligi vazirligi va “O‘zdonmahsulot” AK manfaatdor vazirlik hamda idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda donni qabul qilish va omborlardan chiqarish jarayoni, shuningdek, Jamg‘arma, tijorat vakili va bug‘doy yetishtiruvchilar o‘rtasidagi moliyaviy hisob-kitoblar tezkor va shaffof amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida d-xarid.uz axborot tizimini ishga tushirsin.
10. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda mazkur qarorda belgilangan vazifalar ijrosini nazarda tutuvchi qarorni ishlab chiqsin.
11. Moliya vazirligi ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib, qishloq xo‘jaligi vaziri J.Xodjayev, moliya vaziri T.Ishmetov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari J.A.Qo‘chqorov va Sh.M.G‘aniyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2022 yil 28 may