Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarixi va madaniyati davlat muzeyida O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, yosh iqtidorli rassom Temur Sulaymonov ijodiga bag‘ishlangan “Ranglar dramaturgiyasi” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi ochildi.

Ko‘rgazmada rassomning manzara, portret, grafika janrlarida ishlangan 50 dan ortiq rangtasvir asari o‘rin olgan.

Temur Sulaymonov O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan o‘tkazib kelinadigan bir qancha ko‘rgazmalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda. Ijodkor Qoraqalpog‘iston zamonaviy tasviriy san’at sohasidagi iqtidorli realist rassomlardan sanaladi.

Ko‘rgazmada rassomning “Ovuldagi uyim”, “Registon”, “Shohi zinda”, “Kuzdagi manzara”, “Burshi tov” nomli etyudlari, shuningdek, shoir Tileubergen Jumamuratov, Akademik Sarsenboy Baybosinov obrazlariga ishlangan grafika va portret janridagi bir qancha asarlari ayniqsa, tomoshabinlar e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda.

Maqsad HABIBULLAEV, O‘zA