Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev 16 mart kuni Qozog‘iston xalqiga murojaatida taqdim etgan siyosiy va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha umummilliy tadbirlar rejasini tasdiqladi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati ma’lum qilmoqda.
“Yangi Qozog‘iston: yangilanish va modernizatsiyalanishga yo‘l”, deb nomlangan umummilliy tadbirlar rejasini Qozog‘iston Respublikasi hukumati o‘z vaqtida va og‘ishmay ta’minlaydi.
Shuningdek, davlat rahbari tomonidan Qozog‘iston xalqiga yo‘llangan murojaatning har bir qismi bo‘yicha tizimli axborot-tushuntirish ishlari olib boriladi”, – deyiladi Prezident farmonida.
Umummilliy tadbirlar rejasi konstitutsiya qonunlariga va Prezident vakolati masalasi bo‘yicha qonunlarga o‘zgartirish kiritishni, parlamentning ikkala palatasi, mahalliy vakillik tashkilotlari, joylardagi rahbarlar, partiya tuzilmalarini shakllantirish tartiblari va vazifalarini belgilab beradigan siyosiy islohotlarni nazarda tutadi.
Bundan tashqari, yangi uchta viloyatni tashkil etishni ko‘zda tutuvchi mamlakatning ma’muriy-hududiy tuzilmasi o‘zgaradi. 16 mart kuni Toqayev mamlakat xalqiga “Yangi Qozog‘iston: yangilanish va modernizatsiyalanishga yo‘l” deb nomlangan murojaatini yo‘llagan edi. Prezident ushbu murojaatida Qozog‘istonni rivojlantirishning siyosiy modelini yaratish bo‘yicha rejasini taqdim etgandi. Davlat rahbarining ta’kidlashicha, bu yerda gap boshqaruvning superprezidentlik shaklidan kuchli parlamentga ega bo‘lgan prezidentlik respublikasiga o‘tish haqida bormoqda.