Yaxshi xabarning qo‘sh qanoti bor, deyishadi. Rost. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumani hududidagi XII-XIII asrlarga oid arxeologik obyekt o‘rnidan kulol hamda chinni buyumlar qoldiqlari topilibdi, degan xabarni eshitishimiz bilan tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 4-umumta’lim maktabi muzeyi tomon shoshildik.
–Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili maktabimiz jamoasi uchun tarixiy kashfiyotlar, quvonchli voqealar bilan boshlanmoqda, – deydi tarix fani o‘qituvchisi Aralboy Nurjanov. – Yangi yil boshida, aniqrog‘i, 4 yanvar kuni tumanimizning “Keneges” ovul fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi bir kishi ushbu hududdagi daladan eski kulolchilik idishi qoldig‘i topib olganini aytib, muzeyimizga topshirdi. Qiziqib, ertasiga o‘zimiz ham o‘sha yerga bordik. Qarang, omadimiz kelib qadimiy naqshlar bilan bezatilgan bir necha ko‘za va boshqa kulolchilik hamda chinni idishlar qoldiqlarini topdik.
Milliy merosimiz, qadimiy tariximiz jonkuyari Aralboy Nurjanovning tashabbusi, maktab direktori Gulshod Iztleo‘ovaning qo‘llab-quvvatlashi bilan 2010 yilda maktabda muzey tashkil etilgan edi. Hozir bu yerda 1500 dan ziyod eksponat saqlanmoqda. Mo‘jazgina muzeyda qadimiy milliy liboslar, taqinchoqlar, mehnat qurollari bilan tanishish mumkin. Shu bilan birga, bu yerda mamlakatimiz tarixiga oid, mustaqillik yillarida qo‘lga kiritilgan ulkan yutuq va marralarimiz aks ettirilgan, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan xonalar tashkil etilgan bo‘lib, turli tadbirlar o‘tkazib turiladi. Bu ishlarda Taxiatosh tumani hokimi o‘rinbosari R.Nig‘matov, tuman Xalq ta’limi bo‘limi mudiri Q.Bekbao‘liyev, taniqli muzey xodimlaridan A.Pirnazarova, Sh.Paxratdinova, V.Matekeyeva kabilar o‘z maslahatlarini ayamaydi.
“Keneges” ovul fuqarolar yig‘ini hududidan topilgan buyumlar qoldig‘i taniqli arxeolog olim, O‘zbekiston Qahramoni G‘.Xo‘janiyazovga olib borib ko‘rsatildi.
–Ajoyib naqshlar bilan bezatilgan ushbu topilmalar XII-XIII asrlarga oid ko‘za, undan ham avvalgi asrlarga tegishli ko‘zachalar va boshqa kulolchilik idishlari bo‘lib chiqdi, – deydi akademik G‘.Xo‘janiyazov. – Kelgusi kuni arxeologik buyumlar topilgan joyga borib o‘rganib chiqdik. Ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi ekin maydonlarida, ayniqsa, tozalangan ariqlar bo‘yida eramizning boshlaridan to XII-XIV asrlargacha bo‘lgan davrga tegishli kulolchilik idishlari qoldiqlarini uchratish mumkin. Demak, bu yer arxeologik obyektning o‘rni bo‘lgan, lekin ushbu hudud sholi maydonlariga aylantirib yuborilgan.
O‘rta asr arab yozma manbalarida Mizdaqxon (Hozirgi Xo‘jayli tumani markazi) o‘zining hududi va aholi soni bo‘yicha Qiyat va Gurganjdan (Qo‘hna Urganch) so‘nggi Janubiy Orol bo‘yidagi uchinchi shahar ekani qayd etiladi. Mizdaqxon hududida 1200 ovul-shahar bo‘lgan. Bizningcha, shulardan biri hozirgi Taxiatosh tumani hududida bo‘lgan bo‘lsa kerak. Chunki, Taxiatosh shahri qadimiy shahar qurilishiga ega bo‘lgan hududda barpo etilgan. Unga 2000- yili shahar hududidan topilgan (Ketmonchi bobo mozori) eramizning II-IV, VII-IX, X-XIV asrlariga oid buyumlar misol bo‘la oladi. 2012- yili tog‘ boshidagi Ketmonchi-2 mozori qoshidan o‘rta asrlarga oid minora qoldiqlari ham aniqlangan edi. Ushbu topilmalar haqida ilmiy anjumanlarda ma’lumotlar berilib, jurnallarda maqolalar chop etildi.
Tarixiy manbalardan o‘rta asrlardagi xalqaro karvon yo‘lining bir qismi Buxoro – Varaxsha – Qizilqum – Shoraxan (To‘rtko‘l) – Kat (Shobboz-Beruniy) – Nuzkat – Vayxan – Nuqbog‘ – Mizdaqxon (Xo‘jayli) – Gurganj (Qo‘hna Urganch) yo‘nalishida o‘lkamiz hududidan o‘tgani ma’lum. Bizning fikrimizcha, Nuqbog‘ (Toza bog‘) Taxiatosh tumani hududiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Albatta, buni hali vaqt ko‘rsatadi.
–Yangi eksponatlar topilishi bilan muzeyimizga tashrif buyuruvchilar soni yanada ortdi, – deydi Yoshlar ittifoqining maktabdagi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi Gulbahor Xalqnazarova. – Bu yerga nafaqat Orolbo‘yidan, balki qo‘shni viloyatlardan, hatto Germaniya, Qozog‘iston davlatlaridan ham mehmonlar kelib, o‘zlarining iliq taassurotlarini bildirishdi. Bundan tashqari, Nukus shahri, Chimboy, Xo‘jayli va Kegeyli tumanlari umumta’lim maktablari
o‘quvchilari muzeyimizga tez-tez sayohatga kelib turadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, XII-XIII asrlarga oid buyumlar topilgan ushbu hududda yaqin kunlarda arxeologik nazorat ishlari olib borish va uni Orolbo‘yining arxeologik xaritasiga kiritish rejalashtirilmoqda.