Ayni kunlarda futbol bo‘yicha mamlakat milliy chempionatining superligasi mavsumiga tayyorgarlik ishlari qizg‘in va hal qiluvchi pallaga kirib bormoqda.
Xususan, bugun Namangan shahridagi “Markaziy” stadionda Xalqaro nazorat-sinov bahsi o‘tkazildi. O‘yingohga to‘plangan 10 mingdan ziyod millionlar o‘yini ixlosmandlari Namanganning “Navbahor” va qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh viloyatining “Alay” jamoalari o‘rtasidagi ajoyib o‘yinga guvoh bo‘ldi.
Yaqinda Turkiyaning Antaliya shahrida xalqaro o‘quv-yig‘inlarini o‘tkazib qaytgan “Navbahor” klubi uchun mazkur uchrashuv yangi mavsum oldidan yana bir sinov vazifasini o‘tadi. Ayni shu boisdan ham Samvel Babayan boshchiligidagi murabbiylar shtabi maydonga asosan jamoa safiga endigina kelib qo‘shilgan futbolchilarni tushirib, sinovdan o‘tkazib oldi.
1-taymda Gruziyalik legioner Elguja Grigalashvilining 19 va 24-daqiqalarda qayd etgan dubli bilan mezbonlar tanaffusga 2:0 hisobidagi ustunlik bilan chiqib ketdi.
2-taymni hujumkor ruhda boshlagan “Navbahor”chilar stadionni yana larzaga keltirdi. Tojikistonlik legioner Ehsoni Panshanbe 46-daqiqada hisobni yirik ko‘rinishga olib keldi. Ammo oradan bir daqiqa o‘tib-o‘tmasidanoq qirg‘izistonlik futbolchilar o‘rtadagi farqni bittaga qisqartirishga erishdi.
Bellashuvning 57-daqiqasida Ibrohim G‘anixonov faollik ko‘rsatib, “Navbahor”ning yirik – 4:1 hisobidagi ishonchli g‘alabasini ta’minladi.
Ma’lumot o‘rnida, “Navbahor” jamoasi mavsum boshlanguniga qadar navbatdagi xorijiy yig‘inga, tez kunlarda yana Turkiya davlatiga yo‘l oladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA