So‘ngi vaqtlarda aviachipta bilan bog‘liq muammolar soni ortib bormoqda. O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining ma’lum qilishicha, surxondaryolik fuqaro Y.Tojimurodov ham shunday muammo bilan federatsiyaga sim qoqqan.

Murojaatda qayd etilishicha, 8 fuqaro 11 528 000 so‘m evaziga Denov shahridagi aviakassadan Rossiya Federatsiyasiga borish uchun chipta xarid qilgan. Ammo resy bekor qilinib, fuqarolar Rossiyaga bora olishmaydi. Fuqarolar bekor bo‘lgan parvoz chiptasining pulini qaytarib olish uchun bir necha bor aviakassaga murojaat qiladi, lekin biror o‘zgarish bo‘lmaydi. Murojaat o‘rganilib, aviachipta uchun to‘langan mablag‘ iste’molchilarga to‘liq qaytarildi.

Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida yashovchi Sh.M esa “Media Park” do‘konidan bo‘lib to‘lash sharti bilan telefon xarid qilgan. Biroq, oradan bir hafta o‘tar-o‘tmas, telefon apparatida nosozlik aniqlanadi. Sh.M bu borada bir necha bor do‘kon xodimlariga murojaat qilsa-da, hech qanday o‘zgarish bo‘lmaydi.

Murojaatni Federatsiyaning G‘ijduvon tuman jamiyati xodimlari o‘rganib, telefon tadbirkor tomonidan sifatli ta’mirlab berildi.

O‘zA