«Portugaliyalik hujumchi ayni paytda Angliyaning «Manchester Yunayted» klubida to‘p surayotgan dunyoga mashhur futbolchi, millionlab muxlislarga ega Krishtianu Ronalduning yutug‘i nimada», degan savol ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy. Bu yigitning professional futbolchi bo‘lib yetishishining asosiy omillari nimada?

PROFESSIONALLIK NIMA?

Ba’zi bir kasb egalari o‘z sohasida yutuqlarga erishish uchun mayda-chuyda narsalardan voz kechish kerak, degan fikrda bo‘lishadi. Ammo aslida o‘z sohasida professional bo‘lishi uchun inson aynan eng mayda narsalarga ham e’tibor qaratishi lozim.
Misol uchun, Ronaldu maydondan tashqari hayotidagi har bitta narsaga e’tibor bilan qaraydi. Deylik, to‘g‘ri ovqatlanishga. U «Manchester Yunayted»ga endigina kelgan paytlari tushlik vaqti stolidagi shirinliklar o‘rniga mevalarni yeyishni tanlagan. Buni ko‘rgan jamoadoshlari undan o‘rnak olishgan. U hamisha diyetologlarning talablariga quloq soladi va ularning tavsiyalarini hurmat bilan bajaradi.

TAKLIF…

Bugun yurtimizdagi futbol akademiyalarida Mirjalol Qosimov, Odil Ahmedov, Eldor Shomurodovlarning o‘rnini bosadigan futbolchilar tarbiyalanmoqda. Maydonda «ko‘zi yonib» turadigan hujumchilaru himoyachilar istagancha topiladi. Ammo ularni professional futbolga olib kirish uchun nima qilish kerak? Eng avvalo futbol akademiyalarida diyetologlar shtatini ko‘paytirib, sportchilarning ovqatlanish hamda dam olish vaqtlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishga o‘rgatish zarur. Iloji bo‘lsa, har o‘n nafar o‘smir yigit bilan bitta diyetolog ishlashini yo‘lga qo‘yish zarur. Futbolchi mashqlar davomida sarflagan kuchini rollton yoki choyxona palov yeb to‘ldira olmasligini singdirib borish shart.

«O‘YIN O‘XSHASA O‘XSHADI, O‘XSHAMASA MENGA NIMA?»

Ronalduning o‘yinlarini kuzatish chog‘i u har gal maydonga tushganida xuddi o‘ljasini kutayotgan sher kabi gavdalanadi. Maydonda «bugun o‘yin o‘xshasa o‘xshadi, o‘xshamasa menga nima, boshqalar ham borku» degan fikr yo‘q. Vaholanki, u hamma narsaga, hatto ortig‘i bilan ham erishgan. Mashinani qo‘lga kiritdim, uyga ega bo‘ldim, shularning o‘zi yetadi, degan fikr bilan emas, to‘xtab qolmaslik uchun kurashadi. Shu sabab unga «qaysi golingiz muhim», deya «berilgan savolga keyingi uradigan golim», deb javob bergan.

HECh KIM PROFESSIONAL BO‘LIB TUG‘ILMAYDI

Balki Messining muxlislariga bizni Ronaldu haqidagi maqtovlarimiz biroz erish tuyular. To‘g‘ri, Ronaldu ham professional bo‘lib tug‘ilmagan, professional bo‘lib yetishgan. Buning uchun u kerak bo‘lsa jamoasidagi har bir o‘yinchidan ham nimanidir o‘rganganini intervyularida ko‘p bora takrorlaydi.

YUTQAZISHNI YOMON KO‘RISH KERAK

«Xo‘sh, nima uchun», degan savolni berishingiz tabiiy. Yutqazgan odam hamisha o‘zida alamni his qiladi. Ana o‘sha alam odamni keyingi g‘alabalariga turtki bo‘ladi. Ronaldu ham bir paytlar jamoadoshlari bilan stol tennisi o‘ynaydi va yutqazib qo‘yadi. Bundan alami kelgan futbolchi stol tennisi sotib olib, bo‘sh paytlarida shug‘ullanadi va jamoadoshlarini yutadi.
Inson nafaqat o‘z sohasida, balki boshqa sohalarda ham yutqazishni yomon ko‘rishi kerak. Hammamiz ham qachondir, nimanidir yutqazamiz. Ammo undan to‘g‘ri xulosa chiqarib, mag‘lubiyatni yutuqqa aylantirish kerak. Mag‘lubiyatni yutuqqa aylantirgan odam o‘sayotganini his qiladi.

MAQSAD QO‘YISHNI BILAMIZMI?

Ko‘pincha 20 yoshlardagi yigitlardan maqsading nima? Deb so‘rayman, ko‘pchiligi yelka qisadi. Bolaga o‘z oldiga maqsad qo‘yishni ota-ona o‘rgatishi va o‘sha maqsadga yetishish uchun yo‘naltirishi zarur. Maqsad inson uxlaganida ko‘ziga ko‘rinadigan orzu emas, uni uxlatmaydigan bo‘lishi kerak.

TANQIDGA QARSHI IMMUNITET

Ayrim sportchilar bir ko‘zga tashlanib, keyin ko‘rinmay ketishadi. Ayniqsa, bu odat futbolchilar orasida ko‘proq. Buning sababi haqida biroz mulohaza yuritamiz. Biz ko‘proq maqtov eshitishga o‘rganib qolganmiz. Bolamiz nimagadir erishsa ko‘klarga ko‘taramiz, kamchiligi bo‘lsa tinmay tanqid qilib, zada qilib qo‘yamiz. Aslida bolani vaqtida tanqid qilib, vaqtida unga motivatsiya bersak, sportchida yoshlikdan tanqidga qarshi kuch paydo bo‘ladi. Sinib qolmaydi. Tanqidni yaxshi ko‘rish kerak, ammo unga o‘rganib qolmaslik zarur, deb bilganlar to‘g‘ri yo‘lda ekaniga ishonaversin.

 

Nigora RAHMONOVA, O‘zA